Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Yarim tunda ko‘chada o‘tirgan qizaloq: «Men dadamni sog‘indim»

Yarim tunda ko‘chada o‘tirgan qizaloq: «Men dadamni sog‘indim»

Nahotki yosh oila, jajji qizaloqning keyingi taqdiri kattalarni qiziqtirmasa?

Foto: «news.vse42.ru»

Bugun Toshkentda oilalarning 38 foizi parokandalikka yuz tutgan. Bu – har 1000 ta oiladan salkam 400 tasi ajrashib ketyapti, degani. Tashvishli hol. Odamlar orasida oqibat yo‘qolib borayotgani oilalarga raxna solmoqda. Bunday holga, aslida oddiy gap-so‘zlar sabab bo‘lishini Anvar qori Tursunov misollar bilan bayon qilib bergan edi.

– Kuni kecha yarim tunda taroveh namozidan qaytayotgandik, – deydi Anvar qori domla. – Bir ko‘chadan o‘tayotib, tanish uy oldida, bo‘sag‘ada g‘amgin o‘tirgan jajji qizaloqqa ko‘zim tushdi. Haydovchidan mashinani to‘xtatishini so‘radim. Bu xonadon egalarini taniyman. Meni yarim tunda tunda qizaloq nima sababdan ko‘chada o‘tirgani qiziqtirardi. Mashinadan tushib qizaloqqa yaqinlashdim. Rosa tarbiyali-odobli ekan.

– Assalomu alaykum, – deb salom berdi o‘rnidan turib.

– Vaalaykum assalom, – dedim men va uni savolga tutdim: – Yarim kechasi nima qilib o‘tiribsiz? Nega ichkariga kirmayapsiz?

– Men dadamni sog‘indim, – javob berdi qizaloq og‘ir xo‘rsinib. – Bu bizning uyimiz emas. Buvam bilan buvimniki. Dadam kelib qolarmikanlar, deb kutib o‘tiribman. Judayam sog‘indim...

Qizaloq shu qadar mahzun gapirdiki, nihoyatda ezilib ketdim.

Ichkaridan uning buvisi chiqdi. Uy eshigi ochiq qolganini aytib, mulzam tortdi. Men ertaga kelishimni ta’kidlab, yo‘limda davom etdim.

To‘rt yashar qizaloqning dilgir holati, biyron gaplari, sog‘inch to‘la nigohi ko‘z oldimdan ketmasdi.

Ertasi kuni bu uyga qaytib bordim. Nima yuz berganini surishtirdim. Qarang, yosh oiladagi oddiy gap-so‘z sabab bo‘lib, ota-onasi qizini eridan ajratib, o‘z uylariga olib kelishibdi. Qizi va kuyovining ertangi kuni bilan ishlari yo‘q. Nahotki yosh oila, jajji qizaloqning keyingi taqdiri kattalarni qiziqtirmasa?

Menga tanish bo‘lganlari bois, uy egalariga rosa gapirdim, ularni koyidim. Keyin kuyovni toptirib keldik. Ishonsangiz, qizaloq dadasini shunchalik yaxshi ko‘rar ekanki, bir zum ham uning qo‘ynidan tushmadi, quchoqlab olgan, qo‘yib yubormaydi...

Birodarlar, oilalarga darz ketkazmaylik, aksincha ularning mustahkam bo‘lishini ta’minlaylik. Bolalarni ota-onalaridan ajratmaylik. Nuri diydalarimiz bo‘lmish farzandlar yetimlik nimaligini aslo bilishmasin. Ularning ko‘zlarida yosh ko‘rmaylik.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring