Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yashirin qotil»... Tibbiyot fanlari doktori bilan mal’un dard haqida suhbat (video)

O‘tgan yili yosh bir tanish yigit buyraklari qurib qolgani sabab bu yorug‘ olam bilan vidolashdi. Afsuslanarlisi, 3-4 yil avval unga otasi bitta buyragini berib, hayotga qaytarganidan quvongan bo‘lsa, endi farzandining sovigan tanasini quchib, butun vujudi titrab yig‘lardi...

Ha, bu mal’un dard o‘z salomatligiga bee’tiborlarni zinhor kechirmaydi. Shuni inobatga olib, «Xabar.uz» sayti Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining davolash ishlari bo‘yicha bosh shifokor muovini, oliy toifali nefrolog, tibbiyot fanlari doktori Dilfuza Akromxo‘jayevadan surunkali buyrak yetishmovchiligi mavzusida statistik intervyu oldi.  

Surunkali buyrak yetishmovchiligi – birlamchi va ikkilamchi buyrak kasalliklari tufayli harakatdagi nefronlar massasining ortga qaytmas nobud bo‘lishi oqibatida kelib chiquvchi va gomeostaz buzilishiga omilkorlik qiluvchi simptomlar majmuasidir.

Surunkali buyrak kasalliklari butun dunyodagi kabi O‘zbekistonda ham dolzarb muammolardan biri bo‘lib, o‘lim ko‘rsatkichining yuqoriligi, moliyaviy harajati kattaligi bilan ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar qatoriga kiradi. Asosan mehnatga layoqatli aholi orasida keng tarqalgan. Uning avj olishi terminal buyrak yetishmovchiligi rivojlanishi bilan bog‘liq. Bu xastalik ko‘pincha o‘z vaqtida tashxislanmaydi va oxirigacha davolanmaydi. Shuning uchun bu kasallikka nisbatan «yashirin qotil» iborasi ishlatiladi. Oxirgi 25 yil ichida surunkali buyrak kasalliklaridan o‘lim holati 135 foizga oshgan.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining nefrologiya bo‘yicha bosh mutaxassisi M.A.Sobirov tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, respublika bo‘yicha surunkali buyrak kasalligi bilan og‘rigan bemorlar soni 102 969 nafar bo‘lib, shulardan surunkali buyrak yetishmovchiligi bilan ro‘yxatga olinganlar 20 ming 414 tani tashkil etgan. Shundan 3 ming 64 nafari gemodializ muolajasini oladi. 18 yoshgacha bo‘lganlar soni 53 nafarni tashkil qiladi. Ushbu xastalikning hududiy ko‘rsatkichi respublika bo‘yicha – 21,7 foiz.

Surunkali buyrak yetishmovchiligi (SBE) bu asorat sanalib, kattalarda ham, bolalarda ham uchraydigan xastalik. Dardning tez rivojlanib ketishi ushbu asoratga olib kelgan asosiy kasallikni keltirib chiqargan etiologik omilga, uning turiga, morfologik variantlariga bog‘liq.

SBK tashxisini qo‘yish unchalik qiyinchilik tug‘dirmaydi: bu koptokchalar filtratsiyasi tahlili asosida buyraklarning azot ajratish funksiyasi pasayganligi bilan baholanadi. Klinik alomatlar asta-sekinlik bilan rivojlanib, ma’lum vaqt kuzatilmasligi ham mumkin. Mazkur patologik jarayon barcha a’zoyu tizimlarga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi.

Unga xos belgilar: Intoksikatsion sindrom, anemiya, uremik osteodistrofiya, poliserozitlar, endokrin o‘zgarishlar (giperparatireoidizm, giperkortitsizm, giperaldosteronizm, giperinsulinemiya, giperestrogenimiya), gemoreologik buzilishlar, parenximatoz a’zolarning distrofik buzilishlari, suv-elektrolit, oqsil, yog‘ va uglevodlar almashinuvidagi izdan chiqishlar.

Davolash tadbirlari: SBKga chalingan bemorlarni davolashda asosiy e’tibor buyrak yetishmovchiligi rivojlanishi va zo‘rayishining oldini olishga qaratiladi. SBK terapiyasi 2 bosqichga bo‘linadi: konservativ va buyrak o‘rnini bosuvchilar (dializ va transplantatsiya). Konservativ bosqichdagi davo – xavf omillariga ta’sir ko‘rsatishdan iborat. Terapiyaning muhim tarkibi – parhez korreksiyasi, enterosorbentlar, renal anemiyani korreksiya qilish, simptomatik davo va fosfatlarni bog‘lovchi preparatlarni (kalsiy korbonat) yuborish.

Buyrak o‘rnini bosuvchi terapiya uchun ko‘rsatma – IIB – IIIA daraja SBK rivojlanganida tanlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 oktyabrdagi №859 sonli «Yaqin qarindoshlar orasida buyrak va (yoki) jigar bo‘lagini transplantatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi Vaqtinchalik Nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori asosida 2019 yilning shu davrigacha RShTTYoIAM va RIXMlarida 190 ga yaqin bemorda buyrak transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazildi. Shulardan 3 nafari voyaga yetmagan bolalar.

Kasallikning profilaktikasi va davosi haqida so‘z borganda, biz, avvalo, xalqimizning tibbiy madaniyatini oshirishimiz, ular ongiga ushbu xastalik yomon oqibatlar va asoratlarga olib kelishi, o‘lim ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan dardlar turkumiga kirishini doimiy va tizimli ravishda singdirib borishimiz zarur.

Aslida har bir inson bebaho boyligi sanalgan sog‘ligi uning o‘zi va oila a’zolari uchun muhim ekanini anglab yetishi darkor. Shundagina u profilaktik ko‘riklardan doimiy o‘tib turadi va og‘ir kasalliklarning erta aniqlanishiga hamda kerakli tavsiyalar olishga muvaffaq bo‘ladi.

Maslahatim, surunkali infeksiya o‘choqlari, ya’ni murtak bezlarining yallig‘lanish kasalliklari, quloq-burun xastaliklari, kariyesga uchragan tishlarni o‘z vaqtida davolating, o‘zingizni zax va sovuqdan ehtiyotlang, toksik moddalar bilan ishlaganda me’yor qoidalariga rioya eting – bular ham sog‘lom turmush asosi hisoblanadi, deydi Dilfuza Akromxo‘jayeva.

... Oliy toifali nefrolog Dilfuza Akromxo‘jayevaning mavzu doirasida bergan qimmatli ma’lumotlari bilan yuqoridagi videoda to‘liq tanishishingiz mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring