Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zamonaviy Xitoy davlati 70 yoshda. Toshkentda o‘tgan tantanali marosimda bosh vazir Abdulla Aripov qatnashdi

Zamonaviy Xitoy davlati 70 yoshda. Toshkentda o‘tgan tantanali marosimda bosh vazir Abdulla Aripov qatnashdi

Toshkentda Xitoy Xalq Respublikasi tashkil etilganining 70 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi. Diplomatlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, madaniyat va san’at namoyandalari jam bo‘lgan qabul marosimida O‘zbekiston hukumati nomidan bosh vazir Abdulla Aripov ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan XXRning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim 70 yil ichida mamlakat taraqqiyotga erishish uchun g‘oyat mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tganini qayd etdi.

Diplomat Xitoy va O‘zbekiston hamkorligining bugungi holatini yuksak baholadi. Qayd etilishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlashda davlat rahbarlari uchrashuvlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Szyan Yan xonim Xitoy O‘zbekistonni do‘st davlat deb bilishi, ikki mamlakat taraqqiyot bo‘yicha mushtarak qarashlarga ega ekanini ta’kidladi.

«Biz XXR raisi Si Szinpin hamda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning strategik hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan kelishuvlarini hayotga tatbiq etish yo‘lida birgalikda sa’y-harakatlarda davom etamiz», – dedi XXR elchisi.

Qabul marosimi doirasida XXRning 70 yilligiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma ham tashkil etildi. Fotosuratlarda 1949 yil 1 oktyabr – zamonaviy Xitoy davlatiga asos solingan sanadan hozirga qadar bo‘lgan tarix aks etgan.

Eslatib o‘tamiz, Xitoy O‘zbekiston mustaqilligini 1991 yil 27 dekabrda tan olgan. 1992 yil 2 yanvarda diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan.

1992 yilda imzolangan Savdo-iqtisodiy bitimga ko‘ra ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi amal qiladi.

Xitoy O‘zbekistonning savdo sheriklari orasida eng yuqori o‘rinlardan birini egallaydi. Mamlakatimizda mazkur davlat kapitali ishtirokidagi 786 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning 95 tasi to‘liq Xitoy sarmoyasi asosida tashkil etilgan.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring