Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Dunyoda birinchi marta bolalar orasida ortiqcha vaznlilar kam vaznlilar sonidan oshib ketdi

Dunyoda birinchi marta bolalar orasida ortiqcha vaznlilar kam vaznlilar sonidan oshib ketdi

Illyustrativ foto

Dunyoda birinchi marta bolalar orasida ortiqcha vaznlilar kam vaznlilar sonidan oshib ketdi, UNISEF bolalar xayriya jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan yirik tadqiqotda bu oydinlashdi.

Jahon bo‘yicha 5 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan har o‘ninchi yoki jami 188 million nafarga yaqin bolalar va o‘smirlar semizlikdan aziyat chekmoqda, deyiladi tadqiqotda.

An’anaviy ovqatlarga nisbatan arzon, ammo yuqori kaloriyali chuqur qayta ishlangan mahsulotlarni iste’mol qilish bunga sababchi. Shu bois UNISEF hukumatlarni oziq-ovqat mahsulotlarini tamg‘alash va marketing bo‘yicha choralar ko‘rish hamda siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonini o‘ta qayta ishlangan mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarining aralashuvidan himoya qilishga chaqirdi.

Tarkibida shakar, kraxmal, tuz, zararli yog‘lar va qo‘shimchalar ko‘p ultra qayta ishlangan mahsulotlar an’anaviy oziq-ovqatlarni tobora ko‘proq siqib chiqarmoqda.

UNISEFning 190 dan ortiq mamlakatdan olingan ma’lumotlarga asoslangan so‘nggi tadqiqoti ko‘rsatishicha, 2000-yildan beri 5 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lganlar orasida kam vaznlilar ulushi 13 foizdan 9,2 foizgacha qisqardi. Va aksincha, xuddi shu davrda ortiqcha vaznli bolalar soni 3 foizdan 9,4 foizga oshdi ya’ni hozirda deyarli har o‘ninchi bola ortiqcha vaznga ega.

Hozirda, Afrikaning Sahroi Kabirdan janubi va Janubiy Osiyoni hisobga olmaganda, dunyoning barcha mintaqalarida semiz bolalar soni yetarlicha vaznga ega bo‘lmagan bolalar sonidan ko‘p.

Bolalar va yoshlar orasida ortiqcha vazn to‘plash ko‘rsatkichlari eng yuqori hududlar Tinch okeanining ayrim orol-mamlakatlari, jumladan, Niue (38 foiz), Kuk (37 foiz) va Nauru (33 foiz) orollari.

Iqtisodiy rivojlangan ko‘plab mamlakatlarga ham bu muammo yot emas. Xususan, 5 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lganlar orasida ortiqcha vaznlilar Chili (bolalarning 27 foizi), AQSh (21 foiz) va BAA (21 foiz)da anchagina salmoqqa ega.

Butun dunyoda va barcha mintaqalarda ortiqcha vazn to‘plash deyarli barcha yosh guruhlarida o‘g‘il bolalar orasida qizlarga qaraganda ko‘proq kuzatilmoqda, faqat 1519 yoshlilar toifasida ortiqcha vazn to‘plash borasida ustunlik qizlar tomonida.

Jamg‘arma Chendu (Xitoy), Indoneziya, Filippin va Tailandda o‘tkazgan tadqiqot ko‘rsatdiki, supermarketlar yoki do‘konlarga oziq-ovqat xarid qilish uchun kirgan har 10 o‘smirdan 9 nafari ko‘pincha shirin va sho‘r yemaklar: qandolat mahsulotlari, pechene, chips va muzqaymoq sotib olishadi.

UNISEF hisobotiga ko‘ra, 2035-yilga borib ortiqcha vazn va semizlik oqibatida global iqtisodiyotga yetkaziladigan zarar yiliga 4 trillion dollardan oshishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring