Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Erdo‘g‘ondan erkakcha bayonot

Erdo‘g‘ondan erkakcha bayonot

Foto: Anadolu Ajansı

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on dunyoning yirik davlatlarini Yaqin Sharq aholisi chekayotgan azob-uqubatlar, xususan, begunoh bolalarning o‘limiga befarqlikda aybladi.

Siyosiy yetakchi Istanbulda o‘tkazilgan «Milliy iroda iftori» tadbirida so‘zlagan nutqida dunyo ahli ekologik muammolar haqida bong urishi, lekin bolalar qirg‘iniga ko‘z yumishini keskin tanqid ostiga oldi.

«Bolalar tahlika ostida yashar ekan, dunyodagi dengizlar moviy bo‘ladimi-yo‘qmi, nima farqi bor? Qo‘limizni yuragimizga qo‘yib samimiy javob beraylik. Erta tongda sho‘x-shodon holda maktabga ketgan bolalar kechqurun uyiga qaytmasa, dunyodagi dengizlarning moviy holda bo‘lishi qanchalik ahamiyatli? Olti yashar qiz 335 ta o‘q bilan otib o‘ldirilgan bir paytda dunyoda dengizlarning ko‘m-ko‘k bo‘lishi muhimmi? (2024-yilning yanvar oyida Isroil harbiylari tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldirilgan Hind Rajab nazarda tutilmoqda. Ekspertiza xulosalariga ko‘ra, qizaloq o‘tirgan mashinaga yuzlab o‘q uzilgan — tahr.) O‘yinchoqlar qonga belansa, orzular ro‘yobga chiqmay so‘nsa, farishtamisol bolalar yuzidagi tabassum ko‘z yoshiga do‘nsa, bu dunyoning barcha dengizlari moviy bo‘lishi yoki bo‘lmasligi ahamiyatga egami?»dedi Turkiya prezidenti. 

Erdo‘g‘onga ko‘ra, Ramazon oyi tinchlik va ofiyat oyi bo‘lishiga qaramay, Erondan Yamanga qadar, Falastindan Somaliga qadar o‘lkalarga qirg‘inlar davom etmoqda.

«Shunday muqaddas kunlarda islom olami azob-uqubat, ko‘z yoshlari, ziddiyat va urushlar domida qolayotgani bizni chuqur qayg‘uga soladi. 72 ming shahid bergan G‘azo bo‘lgasi, sulh bitimiga qaramay, tinchlikdan mahrum qolmoqda. Isroilning G‘arbiy Sohildagi noinsoniy siyosati nimalarga olib keldi! So‘nggi ikki yilda G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda 1 120 dan ziyod falastinlik tinch aholi vakili Isroil kuchlari yoki terrorchi ko‘chmanchilar tomonidan o‘ldirildi. (2025-yil) 10-oktyabrdan buyon (tinchlik bitimi tuzilgan sana nazarda tutilmoqda — tahr.) G‘azoda 640 kishi o‘ldirildi. Ularning asosiy qismi bolalar, xotin-qizlar va keksalardir», — dedi Erdo‘g‘on.

Ma’lumot o‘rnida: Turkiya prezidenti bir necha yil avval BMT minbarida turib suvga g‘arq bo‘lgan suriyalik murg‘ak bolakayning o‘limini dunyo hamjamiyati juda tez unutganini ham tanqid qilgan edi.

Tahlillarga qaraganda, Yaqin Sharq mintaqasida, xususan, Falastinda bolalar o‘limi ko‘paygan.

Buyuk Britaniyada joylashgan Save the Children tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi ikki yil ichida Isroil harbiylari tomonidan Falastinning ishg‘ol ostidagi hududi — G‘arbiy Sohilda bolalarni o‘ldirish ko‘rsatkichi keskin ortdi. Ikki yil ichida o‘ldirilgan bolalar soni 18 yil davomida o‘ldirilganlar soniga tengdir.

Minglab bola halok bo‘lgan G‘azo sektorida qonli urush bolalarning tushlariga qadar bostirib kirgan. UNICEF xulosasida aytilishicha, g‘azolik yuz minglab bolalar o‘qish, o‘ynash tugul tinch-osoyishta uxlash ne’matidan ham mahrum qolmoqda.

Ayni kunlarda Eronning Minob tumanidagi «Shajarayi Toyyiba» maktabi o‘quvchilarining fojiali taqdiri faol muhokama qilinmoqda.

AQSh va Isroil Eronga qarshi urush boshlagan 28-fevral kuni mazkur maktabga ham bomba tashlangan. Oqibatda 7-12 yosh oralig‘idagi 180 ga yaqin o‘quvchi qiz halok bo‘lgan, yana o‘nlab bola jarohatlangan.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk o‘quvchilar halok bo‘lishi holatini tezkorlik bilan, xolis va haqqoniy tarzda taftish etishni talab qildi.

O‘rganishlar maktabga zarbani AQSh harbiylari amalga oshirganini ko‘rsatmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring