Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekistonda 150 ming dollar topadigan frilanser bor» – IT-Park direktori

Xabar.uz axborot tahliliy portalining «110 metr balandlikda» loyihasi mehmoni – «Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi» MChJ (IT-Park) direktori Farhod Zairovich Ibragimov.

Farhod Zairovich Ibragimov 1983 yil 15 avgustda tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy: Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti, Qirollik texnologiya instituti (Shvetsiya), Davlat xizmatchilarini tayyorlash Markaziy instituti (Janubiy Koreya), Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.

Mutaxassisligi: huquqshunos, xalqaro biznes, ko‘chmas mulkni boshqarish, davlat boshqaruvi, iqtisodiyot va AKT sohasidagi boshqaruv.

Mehnat faoliyati: O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, «Kompyuterlashtirish va Geoinformatika texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish markazi» DUK. «Mirzo Ulug‘bek Innovatsion markazi» va boshqa turli tashkilotlarda faoliyat olib borgan.

2019 yildan boshlab hozirga qadar esa «Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi» MChJ direktori hisoblanadi.

Aytingchi, IT-Parkni tashkil etish g‘oyasi o‘zi qanday tug‘ilgandi?

– IT-Parkni tashkil qilish g‘oyasi davlatimiz rahbarining 2018 yil Hindistonga tashrif buyurganida, u yerda axborot texnologiyasi sohasi qay darajada rivojlanganini, eksportga qanday katta salohiyat borligini ko‘rganida, O‘zbekistonda ham bu kabi loyihalarni joriy qilish masalasi ko‘zda tutilgan. Sohamiz uchun ta’lim yo‘nalishida Amiti universiteti hamda IT-Park loyihalari bilan birga boshlangan. Aynan shu vaqtdan, ya’ni 2018 yildan bu loyiha boshlangan.

2018 yilning noyabr oyida Mirzo Ulug‘bek innovatsion markazidan ishdan ketganman. Noyabr oyining oxirida AKT vaziri Shuhrat Muhammadjonovich Sodiqov chaqirgan. Men u insonni Vazirlar Mahkamasida, Loyiha boshqaruvi milliy agentligida ishlagan vaqtlaridan bilaman. Lekin ular bilan shaxsan tanish emas edim. Ular «ayti»  yo‘nalishida bir loyihani boshlash bo‘yicha taklif berdilar. O‘ylab ham o‘tirmasdan bu taklifni qabul qildim. O‘sha vaqtda shu insonning qo‘llab-quvvatlashi menga motivatsiya bergan.

Avvalroq katta umidlar bilan tashkil qilingan Mirzo Ulug‘bek texnologik parki nima sababdan yo‘q bo‘lib ketdi? Uning atrofida qanday voqealar sodir bo‘lgandi o‘zi?

– Bu loyihaning boshqaruvi sohadan tashqariga chiqib ketgan. Chunki, qabul qilingan qarorlar axborot texnologiyasi sohasini rivojlantirish uchun emas, balki biznes sohasini rivojlantirish uchun qabul qilingan. Hamnafas ish olib borilmagan. Axborot texnologiyasi deganda faqatgina uning o‘zigina emas, balki shu sohadagi boshqa korxonalar ham nazarda tutilmoqda. Shu tizimdagi korxonalar bilangina axborot texnologiyalarini rivojlantirish mumkin. Telekommunikatsiyasiz axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish mumkin emas.

U ajralib qolgan loyihaday bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek texnologik parki loyihasi faqatgina imtiyozlar berish bilan cheklanib qolgan. IT-Park esa loyihalarni qilishga sharoit yaratib beradi.

Bu voqealar keyingi yirik loyiha – IT-Park uchun o‘ziga xos saboq bo‘ldimi? Nimalarni qilish va nimalarni qilmaslik kerak, degan xulosaga kelgansiz?

– Avvalambor, sohaga barqarorlik kerak. Aynan shu barqarorlikka biz egamiz. Muhim bo‘lgan saboqlardan biri bu – faqatgina «ayti» sohasi bilan mashg‘ul bo‘lgan rezident korxonalar bilan cheklanib qolish emas, balki butun eko tizimni qamrab olish kerakligi. Butun eko tizim deganda nafaqat dasturchi korxonalarga imtiyoz berish masalasini, balki qonunchilik bilan ishlash, avvalambor, ularning ishlayotgan jarayonini to‘g‘ri qonuniy belgilab berish. Bu birinchi muhim ish.

Mazkur jarayonlar 2017 yildan oldingi vaqtda har doim ham qonunchilikka to‘g‘ri kelmagan. Har yili biz qonunchilikka o‘zgartirish kiritamiz. Chunki, axborot texnologiyalari sohasi eng dinamik sohalardan biri. 2-3 yil qonunchilikka qaramay, hujjatlarni o‘zgartirmasak, biz yana bir qadam orqada qolib ketamiz.

Ikkinchi muhim ish dasturchilar uchun kerakli sharoitlarni yaratib berish. Qisqa qilib aytganda, infrastruktura masalasini ta’minlab berish. Tezkor internet, elektr ta’minoti va ish olib borilayotgan korxonasi kerakli holatda bo‘lishi dasturchi uchun ilhom beradi.

Uchinchisi, bu – ta’lim yo‘nalishi. Bilasiz, hozirgi kunda O‘zbekistonda «Bir million dasturchi» loyihasi bor. Bu Birlashgan Arab Amirliklari hukumati bilan birgalida AKT vazirligi amalga oshirayotgan loyiha. Mazkur loyihada yoshlarni dasturlashga qiziqishini kuchaytirish asosiy maqsad qilib belgilangan. Hozirda 14 ta IT-sohasiga ixtisoslashgan maktab bor. Nasib bo‘lsa, yilning oxiriga qadar bu maktablar soni 100 ga yetadi.

To‘rtinchi muhim yo‘nalish – bu yigit-qizlarimizga loyihalar yaratishga sharoit yaratib berish.

Beshinchi, muhim vazifa – axborot texnologiyalari qanchalik muhimligini targ‘ib qilish.

Odamlar orasida IT-Park tashkil qilinganidan keyin hali ko‘zga ko‘rinadigan hech qanday loyiha qilmadi, qabilidagi gap-so‘zlar yuradi. Bu kabi tanqidlarga qanday qaraysiz?

– Bilasizmi, bu normal holat. Bir korxona yoki bir inson muvaffaqiyatga erishmoqchi bo‘lsa, o‘ziga yarasha tanqidlar albatta bo‘ladi. Ushbu bosimga chidab bergan insongina bu muammolarni hal qilib, yangi cho‘qqilarga erishishi mumkin bo‘ladi. 24 iyul  kuni IT-Park ochilganiga 2 yil bo‘ldi. Ikki yil men uchun katta vaqt. Lekin bir katta loyiha uchun bu arzimagan vaqt. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, jamoamiz bilan birgalikda qilayotgan ishimizga tanqidiy qaraymiz.

Hozirgi kunda me’yoriy hujjat, infrastruktura, ta’lim loyihalari va targ‘ibot ishlari doirasida erishgan natijalarimiz bor. Ammo men bu natijalardan qoniqmayman. Davlatimiz rahbari Hindistonga tashrif buyurganlarida, bu davlat IT sohasida nimaga erishganini ko‘rganlar, biz ham ko‘rganmiz. Hali bunday natijalarga erishmaganimiz uchun men qoniqmayman.

Hozir ko‘p korxonalarda yangi imkoniyatlar ochilgan. Axborot texnologiyalari sohasida IT-Park rezidenti bo‘lish imkoni yaratib berilgan. Infrastruktura masalasiga kelsak, loyihamizni Davlat rahbariga ko‘rsatganimizdan keyin axborot texnologiyalari sohasida, aynan dasturlash yo‘nalishida 2019 yil noyabr oyidan keyin katta o‘zgarish bo‘ldi. Axborot texnologiyalari sohasida insonlarni ongini o‘zgartirish uchun birinchi qadam qo‘yildi. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, ko‘pchilik qilingan loyihalar Toshkent shahrida bo‘lgan, hozir ham afsuski shunday. Lekin vaziyat asta-sekin o‘zgarmoqda.

O‘ylaymanki, axborot texnologiya sohasi muhimligini hamma tushundi. Shu sohada kadrlar tayyorlash respublikamizni rivojlantirish uchun katta imkoniyat. IT-Park loyihalari, IT-Parkka berilayotgan imkoniyatlar respublikamizni yangi cho‘qqiga olib chiqishga imkoniyat bo‘ladi. 

IT-Parkni tashkil etishdan asosiy maqsad shuki, Park faqatgina o‘zini loyihalarini emas, yoshlarga o‘z loyihalarini amalga oshirishda imkoniyat yaratib berishi kerak.

Agar loyihalar haqida haqida yana gapiradigan bo‘lsak, respublikamizdagi biz bilgan har bir loyihada IT-Parkning aloqasi bor. To‘lov tizimlari, qishloq xo‘jaligi, ta’lim yo‘nalishi bo‘ladimi, bularning barchasi IT-Parkning rezidentlari.  IT-Park o‘zi loyiha yaratmaydi. IT-Park fasilitator (bu muvaffaqiyatli guruh aloqasini ta’minlaydigan shaxs yoki manba) hisoblanadi. IT-Park rezidentlarga, startaplarga, yoshlarga imkoniyat yaratib beradi.

Respublikada bundan oldin 10 ming nafar yoshlar shu sohaga qiziqqan bo‘lsa, shularni sonini 100 mingtadan kam bo‘lmagan holatga keltirish IT-Parkni maqsadi. Ana shu 100 mingta qiziquvchi yoshlarni saralagandan keyin mayli 10 mingtasi qolsin, lekin saralangan 10 mingta dasturchi bo‘lsin. Ana shu eko tizimni yaratib berish IT-Parkning asosiy maqsadidir.

Park rezidenti bo‘lish nima beradi va hozirda qancha rezidentlar bor? Ularning eng katta amalga oshirayotgan loyihasi qaysi?

– IT-Parkda hozirgi kunda 494 ta rezident bor. Lekin rezidentlar soni yana qisman kamayishi mumkin. Chunki, afsuski, hamma rezidendtlar ham o‘z vaqtida majburiyatlarini bajarishmaydi. Majburiyat deganda shuni nazarda tutyapmanki, ular har chorakda qilinayotgan ishlari bo‘yicha IT-Park platformasi orqali, ya’ni saytimimiz orqali qisqa taqdimot qilishi kerak, bundan tashqari ular 1 yilda bir marta audit xulosa topshirishi kerak. Afsuski, barcha rezidentlar ham vaqtida bu vazifalarni bajarmaydi.

Asosiy maqsadimiz korxonalarni tekshirish emas, ularga sharoit yaratib berish. Lekin ana shu sharoitdan foydalana olmagan, o‘z vaqtida majburiyatini bajara olmagan korxonalar haqidagi ma’lumotni kerakli tashkilotlarga, soliq boshqarmalariga taqdim qilamiz. Agar hammasi joyida bo‘lib, bizga o‘z vaqtida kompitent bo‘lmaganligi sababgina shu hujjatni bermagan bo‘lsa, yana bir bor soliq organlari bilan kelishilgan holatda tekshiruvdan o‘tgandan so‘ng yana ro‘yxatdan o‘tish imkoniga ega bo‘lishadi. O‘tgan 6 oy ichida 30 ga yaqin korxonalar o‘z majburiyatini bajarmagan. Shu sababli rezidentlar soni qisqaradi.

Bizning maqsad korxonalar sonini ko‘paytirish emas, ularning ichida ishlayotgan xodimlarning hajmiga, sifatiga e’tibor berish. Hozir chet eldan O‘zbekistonga qiziqayotgan korxonalar juda ko‘p. 2019 yilning avgust oyida Belarus Respublikasiga bordik. U yerda mavjud bo‘lgan Yuqori texnologiyalar parki (YuTP) tashkiloti bilan muloqot qildik. Bu biz qilayogan ishning analogi. Faqat Mirzo Ulug‘bek texnologik parkidek ko‘proq imtiyozlar bilan shug‘ullanuvchi tashkilot. Tan olaman, u yerdan juda ko‘p narsa o‘rganganmiz. Qiziqarli bo‘lgan yo‘nalishlarni, me’yoriy hujjatlar bilan ishlashni o‘rgandik.

Lekin bu yil vazirimiz boshchiligida tashrif buyurganimizda 2019 yil tanishgan korxonalar bilan yana ko‘rishdik. Belarus YuTP ma’muriyati bilan uchrashdik. Ushbu YuTPda 2005 yildan hamda 1993 yildan buyon mavjud bo‘lgan TOP-5ga kirgan tashkilotlarning eng katta beshtaligi O‘zbekistonda o‘zining korxonalarini ro‘yxatdan o‘tkazmoqda. Ulardan 2 tasi bor edi, yana uchtasi sentyabr oyigacha mamlakatimizda ro‘yxatdan o‘tmoqchi. Ular bizning o‘zbek qora ko‘zlarini ish bilan ta’minlab, eksportga ishlash imkoniga ega bo‘lishadi. O‘zbekistondan turib, chet el bilan ishlash imkoni paydo bo‘ladi.

«Bir million dasturchi» milliy dasturini amalga oshirish jarayonlari, u nimalar berdi va bermoqda?

– «Bir million dasturchi»ning asosiy maqsadi yoshlarni axborot texnologiya sohasiga qiziqishini oshirish. Ilgarilari kamdan-kam holatlarda maktablardagi o‘quvchilar dasturchi bo‘lishni tanlardi. Faqatgina fizika, matematikani yaxshi bilganlardagina bu imkoniyat bor edi. Hozirda har bir bola dasturchi bo‘lish imkoniga ega, aynan biz tashkil qilgan milliy dastur orqali. Bu dasturni tugatgan yigit-qizlarimiz hozirdan bir loyihani bajara olmaydi, lekin ular yetarli teoritik bilimga ega bo‘lishadi. Bu dasturni tugatgan yoshlarimiz bir-ikki yil amaliyot qilganidan keyin IT-Parkni katta loyihalarida ham ishlash imkoniga ega bo‘ladi. Albatta, har bir soha uchun amaliyot kerak bo‘ladi.

Mutaxassis sifatida aytingchi, yurtimizning eng kuchli dasturchisi qaysi hududda?

– Men bu yo‘nalishni ikkiga bo‘la olaman. Birinchisi, hokimlar, xalq ta’limi vakillari yordami bilan kuchli ketayotgan viloyatlar bor. Ikkinchisi, oldindan axborot sohasida kuchli bo‘lgan hududlar bor.

Oldindan kuchli bo‘lgan hududlar mening fikrimcha, Buxoro va Xorazm viloyatlari. Bu viloyatlarda ham hokimlarning yordami bor. Lekin o‘ylaymanki, boshqa viloyatlarga qaraganda yetarli emas.

Namangan viloyatida o‘qishga intiladigan yoshlar ko‘p. U viloyatning hokimi 12 ta IT-markazni bir vaqtda ochib berdi. IT-sohasiga qiziquvchi yoshlar Namangan viloyatida boshqa hududlarga qaraganda eng ko‘p. Boisi, ular uchun hamma shart-sharoitlar yaratib berilgan.

Navoiy viloyatida til biladigan, o‘z ustida ishlaydigan yoshlar ko‘p. Ayniqsa, bizning sohada til bilish, ingliz tilini bilish muhim. «Bir million dasturchi» loyihasining ham 25 foizini shu viloyat qamrab olgan.

Yuqorida aytilgan 4 ta viloyat fikrimcha hozirda ilg‘or hududlardan. Bu bilan boshqa viloyatlar ishlamayapti, demoqchi emasman, lekin ta’kidlangan viloyatlarni ajralib turadigan jihatlari bor.

Umuman olganda, mamlakatimizning qaysi hududi «ayti» yo‘nalishida salohiyati yuqori va bunga qanday omillar sababchi?

– Albatta, Toshkentda imkoniyat yuqori. Qilinayotgan hamkorliklar soni, tadbirkorlar soni ham bu yerda ko‘p. Shu sababdan kelajakda bu sohada Toshkent yanada o‘zib ketishi ham mumkin.

Siz startapchi, frilanser bo‘lish uchun oliy ma’lumotli diplomga ega bo‘lish shart emas, deb hisoblaysiz…

– «Ayti» sohasi uchun emas, lekin dasturchi bo‘lish uchun oliy ma’lumot shart emas. Dasturchilikni ham har xil yo‘nalishi bor. Olim dasturchilar bor. Fizika, matematika qonuni bilan ishlaydigan dasturchilar bor. Bunday dasturchi bo‘lish oliy ta’limsiz juda qiyin. Boshqa dasturchilar uchun esa, o‘z ustida ishlash muhim. Bu bilan oliy ta’lim kerak emas, demoqchi emasman. Agar imkoniyat bo‘lsa o‘qish kerak.

Eng ko‘p daromad topadigan dasturchi, frilanser, startapchilar?

– Men bir surxondaryolik frilanser yigitni bilaman. Uning yillik daromadi 150 000 dollarga yaqin.

Frilanserlar asosan loyihalar orqali pul olishadi. Bu soha vakillari o‘ziga xon, o‘ziga bek bo‘ladi. Korxonalardagi xodimlar haqida gapiradigan bo‘lsak, yetakchi «ayti» korxonadagi xodimni bilaman, bir oyda 10 000 dollar oylik oladi.

Yoshlarning bandligini ta’minlashda «ayti» sohasining qanday ahamiyati bor?

– Ahamiyati katta. «Ayti» sohasida qisqa muddatda va eng kam resurslar bilan bu ishni tashkil etish imkoniga egamiz. Resurs deganda shuni nazarda tutyapmanki, dasturchi uchun bitta xona, kompyuter va internet kerak.

Meni ikkita narsa tashvishga soladi. Birinchisi, ta’limda hali saviyali mutaxassislarga ega bo‘lish imkoniyatiga ega emasmiz, afsuski. Chunki, markazlar ochilganiga hali ko‘p bo‘lmadi. Ikkinchisi, viloyatda «Ayti» maktablarni tugatayotgan yoshlarni loyihalar bilan ta’minlab berish. Shu ikkita narsa mening og‘riqli nuqtam. Agar shu ikki muammoni to‘g‘irlay olsak, biz qilayotgan zanjir mustahkam bo‘ladi.

O‘n yildan keyin IT-Parkni qanday tasavvur qilasiz? Umuman olganda, kelajakda bu yo‘nalishda bizni nimalar kutmoqda?

– Balandparvoz gap aytmayman, vaqtlar o‘tib insonlarni qarashlari o‘zgarishini kutaman. Bu o‘n yil qanaqa bo‘lishi tasavvurimda bor. Insonlarni diplomga qarab, pulga qarab, har bir qilinayotgan ishlarga qarab bahosi o‘zgarishini kutaman. «Ayti» sohasi insonlar ongini o‘zgartirish uchun eng o‘ylangan, eng tez soha.

«Ayti» sohasi iqtisodiyotning lokomotivi. Bu fikrga qanday qaraysiz?

– Albatta. Iqisodiyotning yuragi bu «ayti» sohasi. IT-Park shu lokomotivning miyasi. Biz tizimlarni bir-biriga ulash imkoniga ega bo‘ldik. Davlatimiz rahbari bizning sohani qo‘llab-quvvatlayaptilar. Bu narsaga ich-ichidan ishonganlari uchun hukumatning boshqa vakillariga ham bu narsa yetib bormoqda. Eng muhimi, hozirda ota-onalarni, yoshlarni fikri bu sohaga nisbatan o‘zgaryapti. 

Bir intervyuda IT-Park loyihalari doirasida 2022 yilga borib 16 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi, degan edingiz.

– Birinchidan, 2022 yilga borib yetarli inshootlarimiz bo‘ladi. Shunda 16 mingdan ortiq yoshlarni ish bilan ta’minlay olamiz. Ikkinchidan, biz tayyorlayotgan, universitetlar tayyorlayotgan yoshlar soni 20 mingdan oshadi. Bitiruvchilarni nazarda tutib aytyapman. Hozirgi kunda 7000 dan ziyod rezident bor. Bundan tashqari, sohada bizlardan ro‘yxatdan o‘tmagan 10 mingdan ziyod «ayti» mutaxassislari mavjud. Bizda junior (boshlovchi) dasturchilar juda ko‘p. Maqsadimiz ularni middle (o‘rta)ga olib chiqish.

Sizni qiynaydigan muammo?

– Javobgarlik hissi qiynaydi. Ta’lim sifatini oshirish va yangi loyihalarni yaxshi rezidentlarga yetkazib berish meni xavotirga soladi. Yoshlarimiz doim ham mavjud bo‘lgan sharoitdan foydalana olmaydi. Nasib bo‘lsa, 2026 yil yakuniga borib 1 milliard dollarlik dasturiy mahsulotlarni eksportga chiqarish rejamiz bor.

IT-Park veb-saytida bir katta loyiha qilinishi haqida aytilgan edi. O‘sha loyiha haqida ma’lum qilish vaqti kelmadimikin?

– Xabar.uzda birinchi marta shu yangilik haqida aytish niyatimiz bor edi. Yaqinda davlat rahbarimiz bilan uchrashuv bo‘ldi. Biz ana shu loyihamiz taqdimotini ko‘rsatdik. Uchrashuvda yangi ochilayotgan maktablardagi bitiruvchilarni sohada qoldirish uchun oliy o‘quv yurtlarini muhimligi haqida so‘z bordi. Sohamizda yangi Masofaviy universitetni tashkil qilish taklifi bilan chiqdik. Bu universitetning alohida binosi, yotoqxonasi bo‘lmaydi. Lekin har bir tuman IT-markazlarida filiallari bo‘ladi.

Masofaviy universitet infrastruktura bo‘yicha respublikada eng katta universitet hisoblanadi.  Biz IT-markazlarimizda o‘qiyotgan yoshlarni foundation (tayyorlov kursi) kurslarida tayyorlab, ularni imtihonsiz universitetimizga qabul qilamiz. Foundation kurslari 9 oy davom etadi. 11-sinfda o‘qiyotgan yoshlarni darsdan keyin IT-markazga bu kurslarni o‘tish uchun taklif qilamiz. U yerda ingliz tili, dasturlash, dizayn hamda korporativ boshqaruv yo‘nalishlarni tanlash imkoni bo‘ladi.

May yoki iyun oylarida imtihonlari bo‘ladi. Agar bu imtihonlardan o‘ta olishsa, bizning oliy o‘quv yurtlariga hech qanday imtihonsiz kirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Imtihon faqat ingliz tilidan bo‘ladi. Ular o‘zimizning tizim orqali imtihon topshirish imkoniga ega bo‘ladilar. Eng muhimi, 11-sinfda o‘qiyotgan yoshlarda imtihondan yiqilsam, bu yil boshqa oliygohga kira olmayman, degan xavotir bo‘lmaydi. Tashkil qilinayotgan universitetda qabul qilish kvotasi cheklanmagan. Hozirda mavjud bo‘lgan 200 ta markazimizga maktablarimizda o‘qiyotgan yigit-qizlarni bo‘lamiz.

Bitta markazda 60 ta odamni o‘qitish imkoniga ega bo‘lamiz. Biz tashkil etayotgan oliy o‘quv yurti 3 yillik bo‘ladi. Har bir kursni tugatayotganda talabalar IBM, Google kabi katta korporatsiyalarning kurslarini o‘tish imkoniga ega bo‘ladi. 

Har bir kursni tugatayotganda 3 oylik kurs ishi beriladi. Bu kurs ishi universitetimizdagi domlalar bilan emas, IBM bilan olib boriladi. IBM sertifikat beradi va bu sertifikat to‘g‘risini aytganda, ko‘p davlatlardagi oliygohlarning diplomidan ko‘ra qadrliroq. Shu kabi o‘qishlar uch yil davomida bo‘ladi. Har yili yangi bir korxona sertifikatiga ega bo‘lish imkoni paydo bo‘ladi.

– Farhod Ibragimovning hayotiy qiziqishlari qanday? Albatta, ishdan tashqari…

– Avvalo, mening ishim hayotimga aylanib ulgurgan. Men hammaga o‘xshab ishga ketyapman, deb chiqmayman. Bu ish hayotimning asosiga aylangan. Qiziqishlarim bor, albatta. Futbolga, velosportga, suzishga qiziqaman. Futbol va velosport bilan bilan yoshligimdan shug‘ullanaman. Yana o‘zim ovqat qilishga qiziqaman. Ovqatni tayyorlash jarayoniga qiziqaman. Keksaygan chog‘imda dala hovlida bir oshxona ochib, o‘zim oshpaz hamda ofitsiant bo‘lish niyatim bor. Odamlar bilan muloqot qilib isatagan narsalarini, kerak bo‘lsa, menyuda bo‘lmagan taomni tayyorlab, insonlarni ko‘nglini olsam, deyman.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring