Qaysi sport turlari umrni ko‘proq uzaytiradi?
Tennis bilan muntazam shug‘ullanish insonning umrini anchagina uzaytiradi. Ushbu sport bilan shug‘ullanuvchilar nafaqat kamharakat odamlar, balki boshqa sportchilarga qaraganda ham o‘rtacha 10 yil ko‘proq umr ko‘rishadi, deyishmoqda daniyalik olimlar.
Faol turmush tarzining salomatlikka ijobiy ta’siri haqida ko‘p gapiriladi. Ammo sportning ham sportdan farqi bor. Kopengagenda yurak-qon tomir kasalliklari bo‘yicha o‘tkazilgan ko‘p yillik tadqiqot ko‘rsatishicha, «raketka» turlari, ya’ni tennis va badminton umrni eng ko‘p uzaytiradi: tennis 9,7 yil, badminton 6,2 yil qo‘shimcha umr beradi.
Tadqiqotchilarning fikricha, tennis va badmintonning afzalliklari shuki, ular butun o‘yin davomida yurak va muvofiqlashtirish mashqlari, ijtimoiy faollik va muntazam harakatni birlashtiradi. Haftada uch soat tennis o‘ynash yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanish xavfini ikki baravar kamaytiradi.
Yugurish va velosportning ham foydasi katta, biroq ular umrni uzaytirishda tennis va badmintonga yetolmaydi, deyiladi xabarda.
O‘tkazilgan tadqiqot asosida uzoq umr ko‘rishga eng ko‘p hissa qo‘shuvchi sport turlari aniqlandi:
- Tennis — 9,7 yil
- Badminton — 6,2 yil
- Futbol — 4,7 yil
- Velosport — 3,7 yil
- Suzish — 3,4 yil
- Yugurish — 3,2 yil
- Trenajyorda shug‘ullanish — 1,5 yil.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter