So‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonda turizm qanday rivojlandi?

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2017-2024-yillarda O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijalarini o‘rgandi.
Tahlillarga ko‘ra, ushbu davrda turizm iqtisodiyotning strategik tarmog‘iga aylandi: xorijiy sayyohlar soni qariyb to‘rt barobarga oshdi, turistik xizmatlar eksporti o‘n baravardan ziyod o‘sdi, sohada bandlik ikki barobarga ko‘paydi. Viza rejimining liberallashuvi, yirik investitsiyalar va infratuzilmani modernizatsiya qilish natijasida O‘zbekiston sayyohlik oqimini jadal oshirishga va xalqaro maydonda o‘z imijini mustahkamlashga erishdi.
Turizmni ustuvor sohalardan biriga aylantirish
So‘nggi yillarda turizm O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Mamlakatda turizm sohasini rivojlantirish, uning imkoniyatlarini aholi va jahon jamoatchiligi orasida ommalashtirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
2017-yildan boshlab vizaviy rejim liberallashtirildi, infratuzilma modernizatsiya qilindi va ichki hamda xalqaro turizm qo‘llab-quvvatlandi. Bu orqali turizm iqtisodiy diversifikatsiya, ish o‘rinlari yaratish va mamlakatning ijobiy imijini dunyoga targ‘ib etishning strategik sohasiga aylandi.
«To‘siqsiz turizm» infratuzilmasini kengaytirish doirasida 93 mamlakat fuqarolari uchun viza bekor qilindi. Elektron viza orqali 56 mamlakat fuqarolari mamlakatimizga tashrif buyurishi mumkin. 47 davlat fuqarolari uchun tranzit vizasiz besh kungacha turish huquqi beriladi. 76 davlat fuqarolari uchun turistik vizani rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi.
Turizm imkoniyatlarini ommalashtirish
2024-yilda Xitoy Xalq Respublikasining Sian, Pekin, Shanxay, Chansha, Guylin, Guanchjou, Sanya, Urumchi, Shenchjen, Gonkong va Chendu shaharlarida yirik turoperatorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, O‘zbekistonning turistik salohiyati taqdim etildi.
Yevropa, Shimoliy Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Yaqin Sharq, Xitoy va Markaziy Osiyoda «World Media», «Blue Sky», «Sky one», «Wanderlust», «Euronews» kabi yirik mediakorporatsiyalar bilan hamkorlikda O‘zbekistonning xalqaro imiji targ‘ib etildi. Shuningdek, «Ctrip.com», «Holiday factory», «Voyage Prive» kabi onlayn platformalar va xorijiy telekanallar orqali reklama qilindi.
2024-yilning 25–26-aprel kunlari Xiva shahrida «Shahrisabz — Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining turistik poytaxti» tadbirlari bo‘lib o‘tdi. 31 may – 2 iyun kunlari «Xiva — 2024-yil Islom dunyosi turistik poytaxti» va Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar turizm vazirlari XII majlisi tashkil etildi.
2023-yil 16–20-oktyabr kunlari Samarqand shahrida Jahon turizm tashkiloti (YNVTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi o‘tkazildi. Unda 127 mamlakatdan 1200 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi (Ular orasidan 70 dan ortiq delegatsiya vazirlar darajasida, 25 ta delegatsiya a’zo davlatlarning vazir o‘rinbosarlari darajasida, yirik turizm biznesining 120 vakili, mehmondo‘stlik sohasidagi yetakchi xalqaro oliy ta’lim muassasalarining 90 dan ortiq vakili hamda yetakchi xorijiy ommaviy axborot vositalarining 150 vakili qatnashdi). O‘zbekistonni «Ipak yo‘li turizmi» markaziga aylantirish maqsadida Bosh Assambleyaning ushbu sessiyasi doirasida Samarqandda YuNVTO Tematik ofisini ochish va unga diplomatik maqom berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shuningdek, Samarqand shahriga «Jahon madaniy turizmi poytaxti» maqomi berish to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilindi.
Yangi turistik yo‘nalishlar
Turistik oqim dinamikasi tahlili asosida 40 dan ortiq mamlakat sayyohlari uchun yangi yo‘nalishlar ishlab chiqildi. Respublikadagi umumiy turistik yo‘nalishlar soni 95 taga yetdi.
Ovqatlanish maskanlari va mehmonxonalarda «Halol», «Kosher» va «Vegan» standartlari joriy etilmoqda.
2022-yil sentyabridan «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturi doirasida ichki turizm uchun «Keshbek» tizimi yo‘lga qo‘yildi.
2024-yilda Xitoyning yirik «Trip.com» platformasida O‘zbekiston turizmini targ‘ib qilish dasturi ishga tushirildi. Natijada faqatgina ushbu platforma orqali kelgan xitoylik sayyohlar soni 37,7 ming nafarga yetdi. Turizm biznesi vakillari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish maqsadida 3 ta biznes-forum tashkil etildi. Natijada 2024-yilda jami 57 mingdan ziyod xitoylik sayyoh mamlakatimizga tashrif buyurdi (o‘tgan yilga nisbatan 1,6 barobar ko‘p).
Yangi turistik obyektlar
2022–2024-yillarda «Toshkent siti», «Samarqand turizm markazi», «Afsonalar vodiysi», «Arda Xiva» va «Miraki turizm markazi» kabi yirik obyektlar ishga tushirildi.
Samarqandda yangi xalqaro aeroport, 8 ta mehmonxona, kongress-xoll, park va boshqa hordiq maskanlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, uni «Yangi turizm darvozasi» sifatida tanitdi.
Turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish
Hududlarda «Turizm mahallasi», «Turizm qishlog‘i», «Turizm ovuli» va «Tabarruk ziyorat» kabi yangi turmahsulotlar ommalashmoqda.
Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Namangan viloyatlarida 12 ta «turistik qishloq» ish boshladi. Ular yiliga qo‘shimcha 4 mln sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega.
Mo‘ynoq va Parkent tumanlarida ekstremal turizmni rivojlantirish maqsadida parashyutdan sakrash va aerodayving xizmatlari tashkil etildi.
Turizmning iqtisodiyotga hissasi
Turizma qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekistonda 3 686 ta turoperator faoliyat yuritdi (2017-yilda — 749 ta). Ya’ni, soni 5 barobarga oshdi. Ilk bor turoperatorlarning xorijiy sayyohlarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarini moliyalashtirish uchun 50 mln dollarlik 10 yillik kredit ajratildi.
Mehmonxona o‘rinlari soni 2017 yildagi 37 mingdan 2024 yilda 161 mingga yetdi (4,4 barobar o‘sish).
Turizmning iqtisodiyot rivojlanishiga muhim hissalaridan biri, xususan, aholi turmush darajasini oshirish va kambag‘allikka qarshi kurashish jarayonida, aholini ish bilan ta’minlash hisoblanadi. Turizm qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017–2024-yillarda ushbu sohada aholi bandligi 2 barobarga oshgan. 2024 yilda turizm sohasida 391 ming kishi ishlagan (2017-yilda — 187 ming).
Asta-sekin mahalliy va xorijiy sayyohlar soni ortib bormoqda.
Ichki sayyohlar soni 10,6 mln nafardan (2017-yil) 22 mln nafarga (2024-yil) oshdi.
2024-yilda O‘zbekistonga 10,1 mln xorijiy sayyoh tashrif buyurdi (2017-yilga nisbatan 3,7 barobar ko‘p).
Turizm xizmatlari eksporti 2023-yilda 3,4 mlrd dollarni tashkil etdi (2019-yilda — 951 mln dollar, 2021-yilda — 296,4 mln dollar). 2017–2024-yillarda umumiy eksport hajmi 10,7 mlrd dollarga yetdi.
Xulosa
So‘nggi yillarda mamlakatimiz Prezidenti tashabbuslari bilan turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, mavjud imkoniyatlarni samarali ishlatish va ularni kengaytirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonda olib borilgan islohotlar turizmni ikkinchi darajali sohadan iqtisodiyotning strategik sektoriga aylantirdi. Turizm milliy iqtisodiyotning «o‘sish nuqtalari»dan biriga aylanib, fuqarolar daromadlarini oshirishga xizmat qilmoqda va yangi ish o‘rinlari yaratishning muhim omillaridan biri bo‘lmoqda. Vizaviy liberallashtirish, yirik investitsiyalar, infratuzilmani modernizatsiya qilish va xalqaro marketing hisobiga mamlakat sayyohlik oqimlarida ta’sirli o‘sishga erishdi va jahon maydonida tan olindi.
Shu bilan birga, barqaror rivojlanish uchun turmaxsulotlar assortimentini kengaytirish, xizmatlar sifatini oshirish va global turistik zanjirlarga integratsiya zarur. Turizm yaqin kelajakda O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy o‘sish «lokomotivi»ga aylanish imkoniyatiga ega.
Afzal Artikov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
bosh ilmiy xodimi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter