Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xitoyda «kompas yo‘nalishi» o‘zgarmoqda. Bu hol butun dunyoga ta’sir etishi mumkin

Xitoyda «kompas yo‘nalishi» o‘zgarmoqda. Bu hol butun dunyoga ta’sir etishi mumkin

Foto: AP

Xitoyning amaldagi rahbari Si Szinpinning asarlari mamlakatni boshqarishda asosiy dasturilamalga aylanadi. Shu tariqa 67 yoshli Si Szinpin g‘oyalari zamonaviy Xitoy davlati asoschisi Mao Szedun ishlab chiqqan maoizm ta’limotinining o‘rnini egallashi kutilmoqda, deb yozadi «Bloomberg» axborot agentligi.

Qayd etilishicha, partiya va hukumat amaldorlariga amaldagi rahbar Si Szinpinning maqomi va nufuzini mustahkamlash topshirilgan. Ayni paytda maoizm o‘rnini egallovchi «Si Szinpin ta’limoti»ni shakllantirish jarayoni ketmoqda. Bu esa Si Szinpinni mamlakat asoschisi Mao Szedun bilan bir maqomga ko‘taradi. Pirovardida esa, unga nisbatan tanqidiy fikr bildirish, unga muxoliflik qilish ham qattiq jazolanishi mumkin.

«Islohotlar otasi» Den Syaopin davridan beri Xitoy jamoaviy tarzda idora etilmoqda. Davlat rahbarlari ham odatda ko‘pi bilan ikki vakolat muddat davomida (10 yil) mamlakatni boshqarib, so‘ng ixtiyoriy ravishda o‘z o‘rnini vorisiga topshirayotgan edi. Kuzatuvchilarga ko‘ra, Si Szinpin ushbu an’anaga chek qo‘yib, ikkinchi vakolat muddati tugaganidan keyin (2022-yil) ham hokimiyatda qolishni ko‘zlamoqda. 2013-yil 14-mart kuni Xitoy Xalq Respublikasi raisi etib saylangan Si Szinpin ilk davrdanoq hokimiyatning butun nazoratini o‘z qo‘liga olishga urinib kelmoqda. Davlat rahbari vakolati muddati borasida konstitutsiyaviy cheklovning bekor qilinishi ham ana shunga yo‘l ochadi.

Oksford universiteti faxriy professori Steyn Ringenga ko‘ra, Mao Szedun davridan buyon biror bir Xitoy yetakchisi Si Szinpin kabi hokimiyat ustidan yalpi nazorat o‘rnatmagan edi. Jamoaviy boshqaruvni meros qilib olgan amaldagi rahbar yagona shaxs boshqaruvini joriy etib, partiya, davlat idoralari, maxsus xizmat va armiyani o‘z nazoratiga oldi. Bu hol mamlakat tashqi siyosatiga, demakki, butun dunyoga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Qayd etilishicha, Si Szinpin propaganda — targ‘ibot-tashviqotga zo‘r berib, shaxsga sig‘inish holatini kuchaytirmoqda. 

«Hokimiyat shaxsga sig‘inishga asoslangan. Harbiy rahbarlar Si Szinpinga shaxsiy sadoqat uchun qasamyod qiladi. Butun propaganda mashinasi bor e’tiborni uning shaxsiga qaratadi», — deydi Steyn Ringen.

Maoizm g‘oyalari «qizil kitobcha» tarzida millionlab nusxada tarqatilgani ma’lum. Hozircha «Si Szinpin ta’limoti» yaxlit holda jamlanmagan. Ammo uning mushohadalari allaqachon maktablarda o‘qitilmoqda, ko‘plab universitetlarda Si Szinpin falsafasini tadqiq etish bo‘yicha markazlar tashkil etilgan. XXR raisi g‘oyalarini targ‘ib etuvchi o‘nlab mobil ilovalar ham ishlab chiqilgan.

O‘tgan asrning 70-yillari oxirida Den Syaopin tomonidan boshlangan ochiqlik islohoti davrida ishlab chiqaruvchilarga erkinlik berilgan edi. Tahlilchilarga ko‘ra, Si Szinpin endilikda xususiy biznes hamda yirik ishlab chiqarish sohasida yana kommunistik partiya nazoratini qaytarishga urinmoqda. Buyuk Britaniyaning The Economist nashrining yozishicha, Xitoydagi 3900 ga yaqin yirik kompaniyaning 400 tasi o‘z yillik hisobotida muvaffaqiyatga erishishda kommunistik partiya va uning raisi rolini alohida qayd etgan.

2017-yil oktyabr oyida o‘tkazilgan Xitoy kommunistik partiyasining XIX s’yezdida «Si Szinpinning mushohadalari» partiya nizomiga kiritildi. Bunga qadar partiya nizomidan faqat Mao Szedun va Den Syaopin fikrlari o‘rin olgan edi. Endilikda Si Szinpinning nuqtai nazariga qarshi chiqish partiya nizomiga qarshi chiqish deya malakalanishi mumkin.

Avval xabar berganimizdek, Xitoy raisi Si Szinpinning koronavirusga qarshi kurash haqidagi nutqini tanqid qilgani uchun davlat qurilish kompaniyasining sobiq top-menejeri Jen Chjitsyan 18 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Joriy yil iyul oyida esa kommunistik partiya va uning rahbariga nisbatan keskin tanqidlari bilan tanilgan huquqshunos olim Syuy Chjuanjun hibsga olingan. OAV xabariga ko‘ra, 57 yoshli professor partiya yakkahukmronligi va senzurani qoralagan, davlat rahbarining vakolat muddatiga qo‘yilgan cheklov bekor etilganini tanqid qilgan.

Sobirjon Yoqubov tayyorladi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring