Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Onlayn hujjat topshirish uchun elektron imzo talab etilmaydi

Onlayn hujjat topshirish uchun elektron imzo talab etilmaydi

Xabaringiz bo‘lsa kerak, joriy yilda abituriyentlar uchun my.gov.uz portali orqali onlayn hujjat topshirish imkoniyati ham beriladi. Ya’ni abituriyentlar uyidan chiqmasdan turib, internet orqali OTMlarga hujjat topshira oladi. Yagona portal orqali ham uchtagacha yo‘nalishni tanlash imkoniyati bo‘ladi.

Eng quvonarlisi, soha mutaxassislarining aytishlaricha, hujjat topshirish uchun elektron raqamli imzo (ERI) talab etilmaydi. Bu haqda huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev yozmoqda.

Shunchaki abituriyentlar pasport seriyasi va raqamini hamda shaxsiy identifikatsiya raqamini (PIN FL) kiritsa kifoya, boshqa narsa kerak emas. Pasport va diplomlarning skaneri ham shart bo‘lmaydi, raqamlarini kiritsa bo‘ldi.

PIN FL qanaqa raqamligi va uni qanday bilish mumkinligini mana bu yerda batafsil tushuntirilgan.

Lekin bir tomoni bor – onlayn hujjat topshirsa ham EKIH 10% miqdorida (20 ming so‘m) xizmat haqi olinishi mumkin ekan, bepul bo‘lmaydi. Bu xizmat haqi qaysi yili bitirganidan qat’i nazar barcha abituriyentlardan olinishi rejalashtirilyapti. Lekin bu hali rasman tasdiqlanganicha yo‘q.

Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, xorijdagi, masalan Rossiyadagi yoshlarimiz o‘qishga hujjat topshirish uchun O‘zbekistonga kelishlari shart emas. Internet orqali o‘qishga hujjat topshirib, faqat imtihon kuniga kelishsa kifoya.

Faqat quyidagi abituriyentlar onlayn hujjat topshira olmaydi:

- alohida imtiyozga ega bo‘lganlar (ya’ni turli mukofot sohiblari, olimpiada g‘oliblari va h.k.);
- fuqarolik pasporti bo‘lmagan shaxslar (masalan, 16 yoshga to‘lmaganlar);
- fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar.

Ushbu toifadagilar davlat xizmatlari markaziga shaxsan o‘zlari borishlari shart.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring