Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston milliy universitetida isroillik professorlar dars o‘tmoqda

O‘zbekiston milliy universitetida isroillik professorlar dars o‘tmoqda

2017-yil oktyabr oyida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida o‘tkazilgan «Matematika va fizikaning dolzarb masalalari» mavzusidagi xalqaro ilmiy anjuman O‘zbekiston–Isroil davlatlari oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash uchun muhim poydevor bo‘lgan edi. Ana shu xalqaro ilmiy aloqalarni izchil davom ettirish maqsadida 2018-yil 13-20-fevral kunlari O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Avazjon Marahimov boshchiligidagi bir guruh akademik va professor-o‘qituvchilar Isroil davlatining qator oliy ta’lim muassasalarida bo‘lib, hamkorlikda ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazgan edilar.

Tashrif davomida ikki tomonlama qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishib olindi. Jumladan, O‘zbekiston milliy universiteti hamda Xolon texnologiya instituti o‘rtasida zamonaviy innovatsion o‘quv dasturlar ishlab chiqish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, izlanishlar sohasida akademik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha rejalar ishlab chiqish, multidissiplinar dasturlarni yo‘lga qo‘yish, O‘zMU negizida Xolon texnologiya universiteti fakultetini tashkil etish yuzasidan memorandum imzolangan edi.

Ana shu hamkorlik doirasida Isroil davlatining Xolon texnologiya instituti professor-o‘qituvchilaridan bir guruhi O‘zbekiston Milliy universitetiga tashrif buyurdi. Ular fizika, matematika, biologiya va kimyo fakultetlarida doktorantura va magistratura talabalariga ma’ruzalar o‘qiydilar, shuningdek, O‘zMU professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda davra suhbatlari, ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazadilar.

Amaliy mashg‘ulotlar davomida fizika fakulteti laboratoriyalari va yuqori texnologiyalari markazi isroillik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Isroillik professor-o‘qituvchilarning hamkorlikdagi mashg‘ulotlari shu yil 10-aprelgacha davom etadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring