Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident bog‘cha tarbiyachilari uchun muhim yangilikni aytdi

Prezident bog‘cha tarbiyachilari uchun muhim yangilikni aytdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident o‘qituvchi va murabbiylar bilan muloqotda ta’kidlashicha, islohotlarning ilk bosqichidayoq maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi.

2017-yilda 4 mingdan ortiq mahallada birorta ham bog‘cha yo‘q edi, qamrov 27 foizdan oshmasdi. Bugungi kunda bog‘chalar soni 38 mingdan, qamrovi esa 78 foizdan oshdi.

Yaqinda ta’lim sohasida e’lon qilingan yangi imtiyoz va imkoniyatlar hisobiga bog‘cha kirib bormagan birorta mahalla qolmasligi, qamrov ham 80 foizdan kam bo‘lmasligi ta’kidlandi.

Bog‘chada tarbiyachilar maoshi maktab o‘qituvchilariga tenglashtirildi. Shu oydan bog‘cha mudiralari ham maktab direktori o‘rinbosari bilan bir xil oylik oladigan bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, bog‘chadagi rahbar va pedagoglar oyligi qariyb 2 karra oshdi.

Endilikda xususiy bog‘chalardagi tarbiyachilar oyligi va bola xarajatining bir qismi ham budjetdan qoplab beriladigan tizim joriy etiladi.

Hozirda 7 mingdan ortiq davlat bog‘chalarida 120 mingga yaqin pedagoglar bo‘lgani bilan ularning atigi 34 foizi oliy ma’lumotga ega. Lekin hozirda tarbiyachilarning maktab o‘qituvchilari kabi toifa olishi uchun oliygoh diplomi talab etiladi. Shu sababli oliy ma’lumotli bilan o‘rta ma’lumotli tarbiyachining oyligida farq bor.

Shu bois, davlat va xususiy bog‘cha tarbiyachilarini ishdan ajralmagan holda oliygohlarda o‘qitish yo‘lga qo‘yilib, yiliga 10 ming tarbiyachi oliy ma’lumotli qilinadi.

Yana bir yangilik. Xuddi Prezident maktablari kabi har bir viloyatda «Yangi avlod» bog‘chalari tashkil qilinib, ularda tarbiyachilar ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘rganadi.

Eng muhimi, yangi metodikalarni o‘rganish uchun bu maskanlarning eshigi xususiy bog‘cha tarbiyachilariga ham doimo ochiq bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring