Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Spark» yutgan kitobxon qiz mashinani otasiga sovg‘a qildi. Otaning quvonchi cheksiz (video)

«Spark» yutgan kitobxon qiz mashinani otasiga sovg‘a qildi. Otaning quvonchi cheksiz (video)

Foto: O‘zA

Yaqinda yoshlar orasida mutolaa muhitini yaratish, kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, yoshlarning intellektual bilimlarini va ma’naviy saviyasini oshirish, adabiyotning mo‘’jaz olamiga olib kirish maqsadida o‘tkazilgan «Yosh kitobxon» tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari aniqlangani haqida xabar bergan edik.

O‘zAda mazkur tanlov g‘olibasi, Samarqand viloyati, Narpay tumani 17-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Mohiniso Shomurodovaning fikrlari e’lon qilindi.

«Eng yaqin do‘stim – kitob bilan zerikish nimaligini bilmayman. Badiiy asarlar o‘qish jonu dilim. Bo‘sh vaqtim bo‘lishi bilan qo‘limga kitob olaman. Bu qalbimga, ruhimga sokinlik beradi. Bu jarayonni tasvirlab berish qiyin. Adabiyot, tarixni yaxshi ko‘raman. She’riyatga oshuftaman.

Allomalarimiz asarlari bitmas-tuganmas xazina, boylik. O‘qiganim sari tashna bo‘laveraman. Mutolaa qilarkanman asar meni o‘ziga asir etadi. Boshqa ish haqida o‘ylamayman. Asar qahramoniga aylanaman, go‘yo. O‘qib bo‘lgach, o‘zim bilan o‘zim muhokamaga kirishaman. «Kim nima qilishi kerak edi, balki voqeaga boshqacharoq yondashsa bo‘lardi yoki uning yechimini o‘zgartirsa bo‘larmidi», deb.

O‘qigan asarlarim qahramonlari, voqealarini qisqacha qilib yozib boraman. Uni o‘qishim bilan kitobni qayta o‘qigandek bo‘laman.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan bir qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan «Yosh kitobxon» ko‘rik-tanlovi e’lon qilingach, unda ishtirok etishni maqsad qildim.

Avvallari ham bilimlar bellashuvi, ona-tili va adabiyoti fani bo‘yicha ko‘rik-tanlov, fan olimpiadalarida ishtirok etganman. Lekin bu tanlov juda boshqacha bo‘ldi. Ishtirokchilarning bilimi, saviyasi, darajasi yuqori ekani, ko‘p kitob o‘qishgani ko‘rinib turgandi. Ularni ko‘rgach, biroz cho‘chidim ham.

Tanlovning mamlakat bosqichida g‘olib bo‘lib, «Spark» avtomashinasini yutib oldim. O‘zim uchun, shaxsiy kamolotim uchun kitob o‘qiganimni inobatga olib Prezidentimiz sovg‘a berishlari kutilmagan tuhfa bo‘ldi. Axir o‘qiganim o‘zim uchun foyda-ku.

Ko‘plab kitoblar olib berib, o‘qishimga rag‘bat bergan ota-onamga ushbu mashinani sovg‘a qilaman».

Qiz o‘z so‘zida turdi. Shu kungacha velosipeddan o‘zga ulovi bo‘lmagan otaning esa quvonchi cheksiz. «Yoshlar» teleradiokanali ana shu haqda lavha tayyorladi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring