Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yapon tajribasi AQShda ish berdi: O‘zbek ayti mutaxassisi tizimli xatoni qanday isbotladi?

Yapon tajribasi AQShda ish berdi: O‘zbek ayti mutaxassisi tizimli xatoni qanday isbotladi?

foto: Xabar.uz

Suhbatdoshimning Toshkentdagi O‘zbekiston – Yaponiya markazida til o‘rganishdan boshlangan oddiy intilishi yillar o‘tib AQShdagi yirik IT loyihalarni boshqarish darajasiga ko‘tarildi. Yaponiyaning “Kaizen”   doimiy takomillashish falsafasini hayotiga singdirgan yurtdoshimiz Jaloliddin Rahimov bugun dunyo bozorida o‘z so‘zini aytmoqda.
Global kompaniyalar nega aynan uni tanlamoqda? Yaponiyada orttirilgan tajriba qanday qilib Amerikadagi loyihani million dollarlik xavfdan asrab qoldi? Jaloliddin Rahimov migrantlar uchun AQShda qanday innovatsion loyihalar ustida ishlayapti? Va nihoyat, Amerika va Yaponiya tajribasi O‘zbekiston raqamlashtirish jarayoniga nima bera oladi?
Quyidagi suhbat shu va boshqa muhim mavzularni qamrab oladi.

– Yaponiyaga ketish fikri qanday paydo bo‘lgan va borganingizda sizni eng ko‘p hayratda qoldirgan narsa nima bo‘ldi? O‘zbekcha tarbiya va yaponcha tartib-intizom to‘qnashganda siz uchun eng qiyin bo‘lgan holatni eslay olasizmi?

– Yaponiyaga ketish tasodif emas, balki aniq maqsadga asoslangan tanlov edi. 2012-2013-yillarda Toshkentdagi UJC (Uzbekistan-Japan Center) va JICA dasturlari orqali o‘tgan tanlov jarayoni meni shu yo‘lga boshladi. Eng katta hayrat – bu “tizimning mukammalligi” edi. Yaponiyada poyezdlarning sekundigacha aniq yurishi yoki ko‘cha tozaligi shunchaki madaniyat emas, balki to‘g‘ri qurilgan jarayon natijasi ekanini tushundim. Eng qiyin holat, bu vaqt va sifat tushunchasining to‘qnashuvi edi. O‘zbekchilikda kelishish yoki ko‘ngil birinchi o‘rinda tursa, yaponlarda qoida va standart ustun. Boshida buni qattiqqo‘llik deb o‘ylardim, keyinchalik bu (kaizen) – doimiy takomillashish falsafasi ekanini anglab yetdim. Bu menga hissiyot bilan emas, tizimli mantiq bilan ishlashni o‘rgatdi.

– Ritsumeikan APU universitetida innovatsiya va iqtisod yo‘nalishi bo‘yicha nafaqat ta’lim oldingiz, balki dunyoqarash, muloqot, jarayonning ichida ham bo‘ldingiz....

– Ritsumeikan APU shunchaki universitet emas, u “kichik BMT” edi. U yerda 90 dan ortiq davlat vakillari bilan bir xonada yashash va loyihalar qilish – sizga global fikrlashni majburiy tarzda singdiradi. Men u yerda faqat iqtisodni emas, balki “Cross-Cultural Management” – turli madaniyatlarni boshqarish tizimini o‘rgandim. Bugungi kunda Amerikada global loyihalarni boshqarayotganimda aynan o‘sha yerda olgan ko‘nikma, turli mentalitetdagi odamlarni bitta maqsad sari yo‘naltirish qobiliyati eng muhim qurolimga aylangan.

– Yaponiyada 10 yilcha yashab, ko‘nikib qolgandan keyin AQShga ko‘chib o‘tish qarori qanchalik qiyin bo‘ldi? Nega aynan Amerika, ya’ni siz qanday qilib Yaponiyadan turib Amerika kompaniyasidan taklif va homiylik (sponsor) olishga erishdingiz? Buning uchun qanday bilimlar kerak bo‘ldi?

– Ko‘chish qarori qiyin bo‘lmadi, chunki bu professional o‘sishning mantiqiy davomi edi. Amerika kompaniyasidan taklif olish “lotereya” emas. Buning formulasi oddiy: noyob kompetensiya. Men Yaponiyada ishlash davomida ikkita noyob ko‘nikmani birlashtirdim: ERP tizimlari (Microsoft Dynamics 365) arxitektori darajasidagi texnik bilim va yapon korporativ madaniyatida ishlay olish qobiliyati. Global kompaniyalar (HSO kabi) uchun tilni ham, murakkab IT tizimni ham tushunadigan mutaxassislar juda kam. Ular meni shunchaki ishchi sifatida emas, balki strategik mutaxassis sifatida AQShdagi loyihalarini kuchaytirish uchun taklif qilishdi. Buning uchun faqat kod yozishni emas, balki biznes jarayonlarini (Supply Chain) chuqur tushunish talab etiladi.

– Yaponiyaning “aniqligi” va Amerikaning “tezkorligi” o‘rtasida balansni ushlagan mutaxassis sifatida, qaysi muhit sizga yaqinroq? Yapon va ingliz tillarida ish yuritishda, ikki xil madaniyat vakillarini kelishtirishda boshingizdan o‘tgan qiziq bir voqeani aytib bera olasizmi?

– Menga “gibrid” muhit yaqinroq. Yaponiyada loyihani boshlashdan oldin 80 foiz vaqt rejalashtirishga ketadi, ijro esa benuqson bo‘ladi. Amerikada esa “Tezroq bozorni egallash” (Go-to-market speed) muhim. Mening yutug‘im shundaki, men AQShdagi tezkor loyihalarga yaponcha “Risk Management” (xatarlarni boshqarish) tizimini qo‘llayman.
Bir voqeani aytib beraman: Amerikadagi yirik logistika loyihasida jamoa tezlik orqasidan xavfsizlik qoidalarini o‘tkazib yubormoqchi bo‘ldi. Men yapon tajribamga tayanib, jarayonni to‘xtatdim va tizimli xato borligini isbotlab berdim. Natijada, biz loyihani 2 hafta kechroq topshirdik, lekin kompaniyani million dollarlik jarima xavfidan saqlab qoldik. Bu – madaniyatlar muvozanatining kuchi.

– “UNIQLO” do‘konida oddiy sotuvchilikdan “Luxottica” kabi yirik kompaniyada biznes-tahlilchilikkacha bo‘lgan yo‘l sizga nimani o‘rgatdi? Bu bosqichda siz biznes bilan IT o‘rtasidagi eng muhim ko‘prikni qurgansiz, ya’ni kompaniyadagi muammo ko‘pincha “odamlar”da emas, noto‘g‘ri qurilgan jarayonda ekanini, agar jarayon to‘g‘ri bo‘lsa, raqamlar ham, tezlik ham, sifat ham o‘zgarishini anglab yetingiz, shu haqda biroz...

– UNIQLO men uchun harbiy maktabdek bo‘lgan. U yerda har bir harakat kiyim taxlashdan to kassagacha sekundlab o‘lchanadi. Bu menga “operatsion samaradorlik” nimani anglatishini o‘rgatdi. Keyinchalik Luxottica va HSOda yirik ERP loyihalarida ishlaganimda, shuni angladimki, agar xodim xato qilsa, uni jazolash kerak emas, balki tizimni tekshirish kerak. Yaxshi qurilgan IT tizim (ERP) shunday bo‘lishi kerakki, unda xodimning xato qilishiga imkon qolmasligi lozim. Men hozir kompaniyalarga shuni qurib beraman – xatoni istisno qiladigan avtomatlashgan jarayonlar.

– Hozirda AQSh bozorida ERP sohasiga sun’iy intellektning (AI) kirib kelishi biznes tahlilchilarining ishini qanday o‘zgartiradi deb o‘ylaysiz?

– Ko‘pchilik AI bizning ishimizni olib qo‘yadi deb qo‘rqadi. Men esa buni imkoniyat deb bilaman. AI ma’lumotlarni kiritish va oddiy hisobotlar kabi zerikarli ishlarni o‘z bo‘yniga oladi. Lekin AI hali “strategik qaror” qabul qila olmaydi. Masalan, men asos solgan Mirai Traffic School platformasida biz AI ni “Regulation-Bounded” (qonun bilan chegaralangan) formatda ishlatamiz. AI o‘quvchiga yordam beradi, lekin xavfsizlik standartini inson – ya’ni tizim arxitektori nazorat qiladi. Kelajakda tahlilchilar operator emas, balki AI arxitektoriga aylanadi.

– Siz ishlaydigan soha (Microsoft Dynamics 365) kompaniyalarga nima beradi? To‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan tizim kompaniyaning xarajatlarini qanchalik kamaytirishi mumkin?

– Oddiy tilda aytganda, bu kompaniyaning “miyasi va asab tizimi”. To‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan Microsoft Dynamics 365 tizimi kompaniyaga omborda qancha yuk qolganidan tortib, qayerda ortiqcha xarajat qilinayotganini real vaqtda (real-time) ko‘rsatadi. Biznes uchun bu shunchaki dastur emas, bu xarajatlarni optimallashtirish quroli. Mening tajribamda, to‘g‘ri integratsiya qilingan ERP tizimi yirik kompaniyalarning operatsion xarajatlarini 15-20 foizgacha qisqartirganiga guvoh bo‘lganman. Bu millionlab dollar tejamkorlik degani.

– Ayni vaqtda MBA darajasini olish ustida ishlayapsiz. Keyingi bekat qayer? To‘plagan tajribangizni O‘zbekistonda qo‘llash niyatingiz bormi?

– Hozirda e’tiborim Mirai Traffic School orqali AQShdagi migrantlar xavfsizligini ta’minlash va ta’lim texnologiyalarini rivojlantirishga qaratilgan. Keyingi bekat bu tajribani kengaytirish. O‘zbekiston mening vatanim. Men Amerika va Yaponiyada to‘plagan “Supply Chain” va “Traffic Safety” bo‘yicha tizimli bilimlarimni O‘zbekistondagi raqamlashtirish jarayonlarida qo‘llash niyatim bor. Maqsadim faqat dastur sotish emas, balki xalqaro standartdagi boshqaruv madaniyatini (Management Culture) vatanimga olib kirish.

Barno Sultonova suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring