$80 milliard qayoqqa ketdi?!
So‘nggi paytlarda texnologik dunyoda eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri — Meta Platforms va uning Metavers loyihasi bo‘lmoqda. Bir vaqtlar “internetning kelajagi” sifatida taqdim etilgan bu g‘oya bugun deyarli o‘z ahamiyatini yo‘qotmoqda.
Maruyuk Sukerberg boshlagan bu ulkan tajriba haqiqatan ham muvaffaqiyatsizlikka uchradimi yoki bu shunchaki strategiya o‘zgarishimi — shu savol ko‘pchilikni o‘ylantiryapti.
Ma’lumki, 2021-yilda Facebook o‘z nomini Meta’ga o‘zgartirdi. Bu oddiy rebrending emas edi. Kompaniya butun diqqatini yangi raqamli olam — metaversga qarata boshladi.
Sukerbergning tasavvuriga ko‘ra, yaqin kelajakda odamlar virtual ofislarda ishlaydi, raqamli muhitda muloqot qiladi, onlayn emas, balki “virtual hayot”da yashaydi. Buning uchun maxsus qurilmalar, platformalar va butun boshli ekotizim yaratila boshlandi.
Metaversni rivojlantirish asosan Reality Labs orqali amalga oshirildi. Kompaniya har yili o‘nlab milliard dollar sarfladi. Umumiy xarajatlar esa taxminan 60–80 milliard dollarga yetdi. Bu raqam texnologiya tarixida kamdan-kam uchraydigan miqyos hisoblanadi.
Ammo muammo faqat texnologiyada emas edi. Asosiy muammo odamlarning tayyor emasligi bo‘ldi.
Birinchi navbatda, VR qurilmalar ommaviy foydalanish uchun qulay emas edi. Ularning narxi yuqori, o‘lchami katta va uzoq vaqt taqish noqulay bo‘lib chiqdi.
Ikkinchi jihat — kontent yetishmasligi. Horizon Worlds kabi platformalarda faol hayot shakllanmadi.
Uchinchi omil — ehtiyojning yo‘qligi. Odamlar allaqachon Instagram va TikTok orqali muloqot, kontent va vaqt o‘tkazish ehtiyojini qondirib bo‘lgan edi. Metavers ularga yangi, zarur qiymat taklif qila olmadi.
Katta xarajatlar va past natija investorlarni xavotirga soldi. Meta aksiyalari tushib ketdi, kompaniya ichida ham strategiyani qayta ko‘rib chiqishga majburiyat paydo bo‘ldi.
Xarajatlar qisqartirildi, ba’zi loyihalar sekinlashtirildi va asosiy e’tibor boshqa yo‘nalishlarga qaratila boshlandi.
2024-yildan boshlab butun dunyoda sun’iy intellekt texnologiyalari jadal rivojlandi. Meta ham bu imkoniyatni qo‘ldan chiqarmadi. Jumladan, kompaniya LLaMA modelini taqdim etdi, SIni asosiy ustuvor yo‘nalishga aylantirdi va mahsulotlariga sun’iy intellektni joriy eta boshladi. Natijada metavers ikkinchi darajali loyihaga aylandi.
Rasmiy ravishda Meta metaversni to‘liq yopganini e’lon qilgani yo‘q. Ammo amalda investitsiyalar keskin kamaydi, ommaviy bayonotlarda deyarli tilga olinmayapti va kompaniya diqqati boshqa sohalarga qaratilgan. Bu esa loyiha “muzlatilgani”ni anglatadi.
Meta Platforms metavers orqali kelajakni tezlashtirmoqchi bo‘ldi. Ammo vaqt va texnologiya hali to‘liq tayyor emasligi ma’lum bo‘ldi.
Chunki hozirgi kunda texnologiya olamida asosiy e’tibor metaversdan sun’iy intellektga ko‘chdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter