Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bugun yoshlar nega aynan my.gov.uzni tanlashmoqda?

Bugun yoshlar nega aynan my.gov.uzni tanlashmoqda?

30-iyun — O‘zbekiston yoshlari kuni. Bu sana nafaqat bayram, balki mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlarga yana bir bor nazar tashlash, ularning hayotini yengillashtirayotgan zamonaviy yechimlarni sarhisob qilish uchun ham muhim sanaladi.

So‘nggi yillarda davlat xizmatlarini raqamlashtirish sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz millionlab fuqarolarning kundalik hayotining ajralmas qismiga aylandi. Ayniqsa, vaqtning har daqiqasini qadrlaydigan, bilim olish, kasb egallash va o‘z kelajagini barpo etishga intilayotgan yoshlar uchun portal shunchaki elektron xizmatlar maydoni emas, balki ta’lim, ijtimoiy himoya, bandlik va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini birlashtirgan raqamli ekotizim vazifasini bajarmoqda.

Bugun my.gov.uz orqali yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan o‘nlab davlat xizmatlaridan uydan chiqmagan holda foydalanishlari mumkin. Bu esa ortiqcha qog‘ozbozlik, idorama-idora yurish va vaqt yo‘qotishning oldini olib, barcha jarayonlarni tez, shaffof va qulay tarzda amalga oshirish imkonini beradi.

Ta’lim sohasidagi imkoniyatlar ayniqsa yoshlar orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Xalqaro til sertifikatlarini qo‘lga kiritgan iqtidorli yoshlar IELTS, TOEFL, CEFR hamda boshqa belgilangan xalqaro imtihonlarda yuqori natijaga erishgan taqdirda, imtihon topshirish uchun sarflangan xarajatlarini qoplab berish xizmatiga onlayn murojaat qilishlari mumkin. Shuningdek, raqamli texnologiyalar sohasida xalqaro IT sertifikatlarini olgan yoshlarga ular sarflagan mablag‘ning 50 foizigacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi.

Oliy va professional ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar uchun ham portal orqali bir qator muhim xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar va xotin-qizlar imtiyozli ta’lim krediti olish uchun elektron tarzda ariza yuborishlari mumkin. Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar esa kasbiy va oliy ta’limdagi to‘lov-kontrakt xarajatlarini qoplash bo‘yicha davlat ko‘magidan foydalanish imkoniga ega.

Xorijda ta’lim olgan yoshlar uchun ham muhim qulaylik yaratilgan. Ular diplomlarini O‘zbekistonda tan olish, ya’ni nostrifikatsiya qilish uchun barcha hujjatlarni my.gov.uz orqali elektron shaklda taqdim etishlari mumkin.

Yoshlarning mehnat bozoriga kirib kelishini yengillashtirish maqsadida ham bir qator raqamli xizmatlar ishga tushirilgan. Ishga joylashish jarayonida zarur bo‘ladigan mehnat staji va mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bir necha soniya ichida shakllantirib olish imkoniyati shular jumlasidandir.

Portalning eng dolzarb yo‘nalishlaridan biri — ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi. "Yoshlar daftari" doirasida ehtiyojmand, ishsiz va ijtimoiy ko‘makka muhtoj yoshlar qator xizmatlarga elektron tarzda murojaat qilishlari mumkin. Ular orasida safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati badalini qoplash uchun moddiy yordam, tadbirkorlik yoki o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlash uchun asbob-uskunalar hamda mehnat qurollarini xarid qilishga subsidiya, haydovchilik kurslarida o‘qish xarajatlarini qoplash kabi xizmatlar alohida ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, Work and Travel dasturlarida ishtirok etadigan talabalar uchun ssuda ajratish, yosh oilalarning turar joy ijarasi xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish hamda "Yoshlar uchun safarbarlik chaqiruvi rezervida bepul xizmat" imkoniyati ham my.gov.uz orqali rasmiylashtiriladigan muhim davlat xizmatlari qatoriga kiradi.

Bugun raqamli davlat xizmatlarining asosiy maqsadi fuqarolarning vaqtini tejash, davlat xizmatlarini insonlarga yanada yaqinlashtirish va har bir xizmatni sodda hamda ochiq shaklda taqdim etishdan iborat. Bu vazifani amalga oshirishda my.gov.uz portali ayniqsa yoshlarning eng ishonchli raqamli yordamchilaridan biriga aylandi.

30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan yurtimizning barcha shijoatli, bilimga chanqoq va yuksak maqsadlar sari intilayotgan yigit-qizlarini samimiy tabriklaymiz. Ular uchun yaratilgan raqamli imkoniyatlardan samarali foydalanish esa muvaffaqiyat sari yana bir muhim qadam hisoblanadi.

my.gov.uz — barcha davlat xizmatlari bir joyda!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring