Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olti oy ishlamagan telefon bir kunda ishlatib berildi

Olti oy ishlamagan telefon bir kunda ishlatib berildi

Foto: «Newsline»

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi Andijon viloyati hududiy bo‘linmasiga 2018-yilning o‘tgan davrida tushgan murojaatlarning 29tasi mobil aloqa xizmati sifatiga, 53tasi telefon aloqasi va internet xizmati sifatiga, 10tasi pochta aloqasi xizmatlari sifatiga, 7tasi teleradiouzatish sohasiga va 3tasi boshqa sohalarga taalluqli bo‘lgan.

Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi boshlig‘i J.Sulaymonovning ma’lum qilishicha, barcha murojaatlar qonun doirasida o‘z vaqtida ko‘rib chiqildi. Natijada ko‘plab fuqarolarning aloqa xizmatlaridagi muammolari ijobiy hal etildi. Aloqa xizmatlari sifati buzilishiga sababchi to‘rt nafar xodimga o‘rtacha oylik ish haqining 20 foizi miqdorida jarima solindi, ikki nafar xodimga hayfsan intizomiy jazo chorasi ko‘rildi.

Bir murojaat tahlili: Andijon viloyatining Izboskan tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga qilgan murojaati yuzasidan javob xati pochta aloqasi orqali yetib kelmaganligi borasida tegishli organlarga murojaat qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, «O‘zbekiston pochtasi» AJ Andijon filialiga qarashli Paxtaobod tumanlararo pochta aloqasi bog‘lamasining mas’ul xodimlari xatni oluvchiga yetkazib berish chorasini ko‘rishmagan va xat qaytarib yuborilgan... Natijada fuqaro Prezident virtual qabulxonasiga takroran murojaat qilgan.

Andijon tumanida yashovchi fuqaro Yu.O. xonadonidagi telefoni olti oydan beri ishlamayotganligi yuzasidan inspeksiyaning 1144 raqamli «Ishonch telefoni»ga qilgan murojaati o‘rganib chiqilganda, haqiqatan ham u 2017-yil 6-iyun kuni «O‘zbektelekom» AK Andijon filialida tashkil etilgan 1086 qisqa raqam (Call-senter) xizmatiga murojaat qilgani aniqlandi. Uchastka elektromontyori va mas’ul xodimlarning o‘z ishga mas’uliyatsizligi sababli nosozlik o‘z vaqtida bartaraf etilmagan. Hududiy bo‘linma murojaatni o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqdi va shu kunning o‘zida murojaatchining telefoni me’yorida ishlatib berildi.

Iste’molchilarning murojaatlari ko‘rib chiqilishida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish va xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha inspeksiyaning hududiy bo‘linmasi tomonidan «O‘zbektelekom» AK Andijon filialiga va «O‘zbekiston pochtasi» AJ Andijon filialiga ko‘rsatma berilgan hamda viloyatdagi yettita aholi maskanida mobil aloqa tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatuvchi korxonalarga takliflar yuborilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring