Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sud tizimida jiddiy o‘zgarishlar bo‘ladi

Sud tizimida jiddiy o‘zgarishlar bo‘ladi

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida «odil sudlovni amalga oshirishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha sudlar faoliyatiga joriy etilgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari taqdimoti» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Taqdimotda sudlar faoliyatini raqamlashtirishda hozirgi kunga qadar qilingan ishlar va kelajakdagi belgilab qo‘yilgan rejalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Prezidentning 2020 yil 3 sentyabrdagi «Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi 2020-2023 yillarda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish dasturi tasdiqlangan:

  • 2021 yil 1 yanvardan boshlab barcha sudlarda sud majlislarini ish bo‘yicha taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish hamda sud majlislari bayonnomalarini ushbu tizimdan foydalangan holda shakllantirish;
  • 2021 yil 1 iyuldan boshlab apellyasiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ishlarni sudyalar o‘rtasida avtomatik ravishda taqsimlash;
  • 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab barcha ishtirokchilarni sud majlislarining vaqti va joyi haqida «SMS» xabar orqali bepul asosda xabardor qilish;
  • 2022 yil 1 yanvardan boshlab sud qarorlarini ish bo‘yicha taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi bo‘yicha esa qog‘oz shaklida taqdim etish;
  • 2022 yil 1 iyulga qadar sud hokimiyati organlari faoliyatida, shu jumladan fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlariga odil sudlovga erishishda qulaylik yaratish maqsadida 10 ga yaqin interaktiv xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish.

2022 yil 1 yanvardan boshlab sudlar faoliyatiga «Adolat» axborot tizimlari kompleksini joriy etish belgilandi. Bu tizim davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, advokatlar tomonidan sudlarga da’vo, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda taqdim etish imkoniyatini beradi.

Qayd etilishicha, sudlar faoliyatini raqamlashtirishning keyingi bosqichidagi muhim vazifalaridan sud majlislarida videokonferensaloqa rejimida ishtirok etish imkonini beruvchi mobil dasturni ishlab chiqish va uni amaliyotga joriy etish, shuningdek videokonferensaloqa rejimi orqali jazoni ijro etish muassasalarida joylashgan shaxslarni bevosita ular joylashgan joydan turib sud majlislarida, shuningdek sud rahbariyatining shaxsiy qabullarida ishtirokini ta’minlash hisoblanadi.

Yig‘ilishda sudlar faoliyatini raqamlashtirishdan ko‘zlangan maqsadlar ham sanab o‘tildi. Xususan, fuqarolar va tadbirkorlar o‘z nizolarini sud binosiga biron marta ham tashrif buyurmasdan turib hal etish imkoniyatini yaratish va boshqa qulayliklarni taqdim etish ko‘zda tutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring