Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xonadoningizga internet kerakmi?

Xonadoningizga internet kerakmi?

Foto: «Uztelecom»

Yaponiyaning internet provayderlari «Internet xuddi havodek bo‘lishi lozim» shiori bo‘yicha xizmat ko‘rsatishar ekan. Dunyoda eng tezkor va keng qamrovli internet tizimlaridan biriga ega bu mamlakatda 2000-yillarning boshlarida global tarmoqqa ulanish ahvoli u qadar yaxshi bo‘lmagan. Boshqa rivojlangan mamlakatlar qatori yaponlar ham tezkor, hamyonbop va hammabop internetsiz mamlakat taraqqiyotini yanada yuqori cho‘qqilarga ko‘tarish mumkin emasligini tezda tushunib yetishadi va qisqa vaqt ichida deyarli har bir xonadon simli internetga ulanadi. Provayder va operatorlar orasida raqobat shunchalik kuchayadiki, ularning ayrimlari aholining internetga ulanish xarajatlarini to‘liq o‘z zimmalariga ola boshlaydilar. Tariflar arzonlashadi, tezlik oshadi. 2003-yilga kelib mamlakatda tezligi 24 Mbit/soniyali internetdan foydalanuvchilar soni 10 million kishiga yetadi. Bir oz vaqt o‘tib, 1 Gbit/soniya tezligidagi limitsiz internet oyiga 80 dollardan taklif etila boshlanadi. 2004-yilda esa Yaponiyada uy xo‘jaliklarining 52,1 foizi internetga ulandi.

Yangi texnologiyalarning joriy etilishi natijasida tezlik oshib, narxlar pasayishi davom etadi. Kompaniyalar internetdan yarim yilgacha bepul foydalanishni taklif qilishadi hatto. Buning uchun mijoz o‘z manzilini yozib qoldirsa va shartnoma imzolasa kifoya...

Nima sababdan Yaponiya tajribasiga to‘xtalib o‘tdik?

Nafaqat Yaponiyada, balki butun dunyo telekommunikatsiyalar bozorida keskin raqobat vujudga kelmoqda. Kimdadir bu jarayon allaqachon boshlangan, boshqalar endi-endi boshidan o‘tkaza boshladi. Yurtimizdagi operator va provayderlar ham yaxshi ma’noda mijozlar uchun kurashni boshlab yuborishgan. Buning natijasida tariflar narxi pasayib boryapti, sifat va tezlik esa oshyapti.

Raqobat muhitida mijozning eshik taqillatib kirib kelishini kutib o‘tirish yaramaydi. Aksincha, abonentlarni qidirib, ularning eshigini qoqib borish lozim.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, harakatlar strategiyasida «Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan tamoyil davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani albatta bejizga emas. Davlat organlari mas’ullari mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, odamlarning hayotiy muammolarini o‘rganmoqda, ularni qonuniy asosda hal qilish uchun amaliy yordam ko‘rsatmoqda.

Xuddi shunday xizmatlar ko‘rsatish sektori vakillari ham o‘z mijozlari doirasi va qamrovini kengaytirishlari uchun xalq ichiga kirib borishlari zarur bo‘ladi. Chunki joriy qilinayotgan texnologiyalar va yangi xizmatlardan barcha ham xabardor bo‘lmasligi mumkin.

Hozirgi kunda respublikamizning barcha hududlarida aholining axborotga talab va ehtiyojlari ortib boryapti. Bu ehtiyojni to‘laroq qondirish, jahon axborot resurslaridan bahramand bo‘lishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, «O‘zbektelekom» AK «Toshkent shahar telefon tarmog‘i» filiali tomonidan fuqarolar uchun keng polosali, ya’ni FTTb, FTTh, GPON texnologiyalari asosida telefon, videotelefon, yuqori tezlikdagi internet, IPTV xizmatlari tatbiq etilmoqda.

Foto: «Xabar.uz»

Hozirgi kunda katta ehtiyojga ega yangi texnologiyalardan biri GPON texnologiyasidir. Ushbu texnologiya asosida o‘rnatiladigan modem uskunasi orqali ikkita telefon liniyasi, videotelefon, IPTV va yuqori tezlikdagi internet xizmatidan foydalanish mumkin. Yaqinda «O‘zbektelekom» AK «TShTT» filiali bir tashabbusga qo‘l urdi. Filial tomonidan sayyor guruh tuzilib, yangi texnologiyalarni tatbiq etish ishlarini amalga oshirish uchun Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Islomobod mahallasiga borildi. Tadbirga «Aloqabank»ning «sayyor kassasi», «UzOnline» sotuv ofisi va targ‘ibot olib boruvchi guruhlari jalb etildi.

Foto: «Xabar.uz»

Bir kun ichida IPTV va yuqori tezlikdagi internet xizmatlariga ulanish mumkinligini bilgan mahalla ahli birin-ketin aksiya o‘tkazilgan maydonda jam bo‘ldi.

Aksiya bo‘yicha birinchi bo‘lib mahalla faoli, 73 yoshli Abror Saidov xizmatlarga ulanish istagini bildirdi. Shartnoma imzolangach, «TShTT» filiali montyorlari va mutaxassislari darhol ishga kirishishdi. Aksiya doirasida optik tolali kabel xonadonga qadar bepul tortildi, so‘ng GPON texnologiyasi bo‘yicha internet va IPTV xizmatlari ulandi.

Foto: «Xabar.uz»

– Mahallamizda ushbu tadbir o‘tkazilganidan juda xursand bo‘ldik, – deydi Abror Saidov. – Chunki sifatli internet xizmatiga ehtiyojimiz bor edi. Nabiralarim undan o‘qishida foydalanishadi. Qolaversa, bir farzandimiz Xitoyda, yana biri Rossiyada ishlaydi. Ular bilan tezkor internet orqali bog‘lanib turish endi bizga ancha qulay bo‘ladi.

Yunusobod tumanidagi 234/35 ATSning keng polosali ulanish xizmati mutaxassisi Qobiljon Madaliyevning ta’kidlashicha, odatda salkam 10 kunda amalga oshiriladigan jarayon aksiya doirasida bir kunda bajarildi.

Foto: «Xabar.uz»

Kun davomida xuddi shu tarzda mahallaning yana bir qancha xonadoniga GPON texnologiyasi asosida internet ulab berildi.

Yuqorida tilga olingan kuchli raqobat muhiti O‘zbekistonga ham albatta kirib keladi. Shunday ekan, bugun ildamroq harakat qilgan, o‘ziga ko‘proq mijoz topa olgan, ularning ehtiyojlarini yaxshi o‘rgangan va qondirgan kompaniya bundan faqatgina yutadi.

«TShTT» filiali Markaziy telefon bog‘lamasi boshlig‘i o‘rinbosari Abduvahob Igamberdiyev:

— Ushbu aksiyani o‘tkazishdan maqsad «O‘zbektelekom» AK tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlar aholi uchun qanchalik ahamiyatga ega ekanligini va ularning fikr-istaklarini o‘rganishdan iborat edi. Tadbir doirasida Islomobod mahallasidagi har bir xonadonga kirilib, targ‘ibot ishlari olib borildi. Yangi texnologiya bo‘yicha xizmatlarni ulash istagini bildirgan fuqarolar bilan shu kunning o‘zidayoq kerakli hujjatlarni olib, shartnoma rasmiylashtirildi va xizmat uchun to‘lovlar amalga oshirildi. Bog‘lama xodimlari tomonidan shartnoma rasmiylashtirgan xonadonlarga optik tolali aloqa kabellari tortilib, xizmatlar ko‘rsatilishi ta’minlandi. O‘tkazilgan ushbu tadbirdan mahalla ahli mamnun bo‘lishganini ma’lum qildilar.

Izohlar 5

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring