Adam Qodirov korteji bilan sodir bo‘lgan avariya aybdori topildi
Checheniston rahbarining uchinchi o‘g‘li Adam Qodirov jarohat olgan avtohalokatda ayb YPX xodimi bo‘yniga yuklangan. U kortej uchun harakat to‘liq to‘xtatilmagani uchun javobgar deb hisoblanmoqda, deb yozadi Rucriminal nashri.
Hodisaning yangi tafsilotlari ham ma’lum qilingan. Qayd etilishicha, 16 yanvar kuni Adam Qodirov yaqinlari bilan Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning jiyani — Hamzat Qodirovning tug‘ilgan kunini nishonlagan. Ular noma’lum joyga borishga qaror qilishgan: Adam Qodirov boshqaruvidagi mashina korteji soatiga 160 km tezlikda yashil chiroqda yo‘lga chiqqan avtomobilga urilib ketgan. Bu hodisada nomi oshkor etilmagan YPX xodimi ayblanmoqda. U yo‘lni to‘liq "ochib bermagan".
Tarmoqlarda Grozniydagi Staropromislovskiy shossesida taxmin qilinayotgan YTH joyidan olingan kadrlar paydo bo‘ldi, u yerda yo‘l to‘sib qo‘yilgan.

Qayd etilishicha, Adam Qodirov Moskvadagi shifoxonada qolmoqda, biroq uning hayotiga hech narsa xavf solmayapti. Uning uch nafar qo‘riqchisi ham Moskvaga olib ketilgani aytilmoqda: taxminlarga ko‘ra, ulardan biri — Bislan Kaimovning orqa miyasi shikastlangan. Grozniy hodisaga rasmiy izoh bermayapti. Aksincha, avvalroq Ramzan Qodirovning telegram kanalida Adamning respublika kuchishlatar idoralari qo‘mondonlari bilan uchrashuvi va unga navbatdagi medal topshirilgani haqidagi lavha e’lon qilingandi.
Checheniston xavfsizlik kuchlari yo‘l-transport hodisasidan keyin Adam Qodirov olib kelingan respublika tez tibbiy yordam shifoxonasi xodimlarining telefonlarini tekshirishgan. Muassasa xodimlari jurnalistlar bilan muloqot qilish oqibatlari haqida ogohlantirilgan.
Adam Qodirov korteji ishtirokidagi avariyada bir kishi halok bo‘lgan, to‘rt kishi jiddiy jarohat olgan (shu jumladan, uning o‘zi ham). Grozniydagi kasalxonaga jami "20 ga yaqin odam" yetkazilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter