Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh Kongressida Kanadaga nisbatan bojlarga qarshi ovoz yig‘ildi – Fox News

AQSh Kongressida Kanadaga nisbatan bojlarga qarshi ovoz yig‘ildi – Fox News

AQShda demokratlar Trampning Kanada bilan chegarada e’lon qilgan milliy favqulodda holatini bekor qilish bo‘yicha ovoz yig‘ish tashabbusini ko‘rsatdi. Qaror loyihasi 219 ta ovoz bilan qabul qilindi (211 nafar qarshi ovoz berdi).

Ushbu loyihada olti nafar respublikachi ham demokratlar bilan birga ovoz bergan. Bir nafar demokrat esa aksincha, respublikachilarni qo‘llab-quvvatlagan.

Tramp Kanadaga nisbatan joriy etilgan tariflarni bekor qilishni qo‘llab-quvvatlagan olti nafar respublikachi kongressmenni saylovda jazolash bilan tahdid qildi.

«Agar Kongressdagi biror respublikachi tariflarga qarshi ovoz bersa, saylov paytida jiddiy oqibatlarga duch keladi. Bu praymeriz saylovlariga ham tegishli», – deb yozadi u Truth Social tarmog‘ida.

Trampning aytishicha, uning tarif siyosati tufayli AQShning savdo taqchilligi kamaygan va moliya bozorlari o‘sgan. U yana tariflar milliy xavfsizlikni mustahkamlaganini ta’kidladi.

Qonun loyihasi Senatga yuborilgan. Biroq Tramp unga veto qo‘yishi ham mumkin.

Gap Trampning 2025-yil fevral oyida Kanada va Meksikadan keladigan tovarlarga nisbatan e’lon qilgan qo‘shimcha 25 foizli boji haqida bormoqda (jumladan, Kanada energetika mahsulotlariga esa 15 foiz boj, -tahr.).

Oq uy bu choralarni noqonuniy migratsiya va narkotiklar, xususan fentanil oqimini to‘xtatish bilan bog‘lagandi.

Biroq tariflarga qarshi chiqqan ayrim respublikachilarning fikricha, Kongress tashqi savdoni tartibga solish vakolatiga ega va favqulodda holat vakolatlari doimiy savdo siyosati vositasiga aylanmasligi kerak. Agar bu amaliyot odatiy holga aylansa, kelajakda boshqa prezidentlar ham shunday yo‘l tutishi mumkin.

Kongressmen Jeff Herd bu qaror Konstitutsiyaga asoslanganini ta’kidlab, hokimiyat tarmoqlari o‘rtasidagi muvozanat saqlanishi kerakligini aytadi.

Ayrim kongressmenlar 2026-yil saylovlarida qatnashmasligini allaqachon ma’lum qilgan. Shuning uchun Trampning tahdidi barchaga ham ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin.

Shu bilan birga, bu masala respublikachilar orasida ham tarif siyosati bo‘yicha yagona pozitsiya yo‘qligini ko‘rsatdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring