Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh Tayvanga qurol sotsa, Xitoy Trampning Pekinga tashrifini bekor qilishi mumkin

AQSh Tayvanga qurol sotsa, Xitoy Trampning Pekinga tashrifini bekor qilishi mumkin

Agar Vashington Tayvanga yirik hajmda qurol-yarog‘ sotish rejasidan voz kechmasa, Xitoy Trampning Pekinga rejalashtirilayotgan tashrifini bekor qilish bilan tahdid qildi. Bu haqda Financial Times manbalarga tayanib xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh hozirda Tayvanga yetkazib berilishi rejalashtirilayotgan yangi qurol paketi ustida ish olib bormoqda. Ushbu paketga Patriot havodan mudofaa tizimlari, NASAMS zenit-raketa majmualari va yana ikki noma’lum turdagi qurol tizimlari kiritilishi mumkin. Paketning umumiy qiymati taxminan 20 milliard dollarni tashkil etishi mumkin.

Tayvanga qurol sotish masalasini Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin 4-fevral kuni Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti chog‘ida ko‘targan. Xitoy TIV ma’lum qilishicha, Si Szinpin AQSh tomonini Tayvan masalasida «juda ehtiyotkor pozitsiya» tutishga chaqirgan va qurol yetkazib berish Xitoy–AQSh munosabatlariga jiddiy zarar yetkazishini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil dekabr oyida Tramp ma’muriyati Tayvanga 11 milliard dollarlik qurol yetkazib berish rejasini e’lon qilgan edi. Ushbu paketga HIMARS o‘t ochish tizimlari, gaubitsalar, tankka qarshi raketalar hamda zarbali uchuvchisiz havo apparatlari kirgan. Bunga javoban Pekin AQShning mudofaa sohasiga aloqador 20 ta kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan.

Financial Times nashrining qayd etishicha, Donald Trampning Xitoyga tashrifi aprel oyiga rejalashtirilmoqda, biroq hozircha u rasman tasdiqlanmagan. Tramp oxirgi marta Pekinga 2017-yilda, o‘zining birinchi prezidentlik muddati boshida tashrif buyurgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring