G‘azo uchun tashkil etilayotgan «Tinchlik kengashi» rahbariyati e’lon qilindi
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio, prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff, Donald Trampning kuyovi Jared Kushner, Jahon banki rahbari Adjay Banga va Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler «Tinchlik kengashi» rahbariyati tarkibiga kiritildi. Bu haqda 16-yanvar, juma kuni Oq uy rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda ma’lum qilindi.
Ushbu kengash G‘azo sektori uchun ishlab chiqilgan Trampning 20 banddan iborat tinchlik rejasini amalga oshirishni ta’minlashi lozim. Hujjatda ta’kidlanishicha, kengash strategik nazoratni yo‘lga qo‘yish, xalqaro resurslarni safarbar etish va G‘azoni mojarodan tinchlik va taraqqiyotga o‘tish jarayonida hisobdorlikni ta’minlash vazifasini bajaradi. Kengashga shaxsan Donald Tramp rahbarlik qiladi.
G‘azo masalalari bo‘yicha oliy vakil etib bolgariyalik diplomat Nikolay Mladenov tayinlandi. Uning asosiy vazifasi texnokratik falastin ma’muriyati bilan «Tinchlik kengashi» o‘rtasida hamkorlikni muvofiqlashtirishdan iborat bo‘ladi.
Shuningdek, Oliy vakil apparati va texnokratik ma’muriyat faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida «G‘azo ijroiya kengashi» ham tuzildi. Uning tarkibiga Mladenovdan tashqari Stiv Uitkoff, Jared Kushner, Toni Bler, Turkiya tashqi ishlar vaziri Haqon Fidan, BAAning xalqaro hamkorlik bo‘yicha davlat vaziri Rim al-Hoshimiy va boshqalar kiritildi.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful 16-yanvar kuni Berlin «Tinchlik kengashi» ishida ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi.
«Yaqin vaqt ichida bu borada aniq muzokaralar bo‘lib o‘tishi va ehtimol, rasmiy taklif ham yuborilishi mumkin», – dedi u Avstriya TIV rahbari Beata Maynl-Rayzinger bilan uchrashuvdan so‘ng.
Avvalroq The Telegraph gazetasi «Tinchlik kengashi» tarkibiga Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Misr va Turkiya kirishi ehtimoli yuqori ekanini xabar qilgan edi.
Vadefulning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo sektorida barqaror kelajak faqatgina HAMAS unda ishtirok etmasa mumkin bo‘ladi. Bu tashkilot AQSh va Yevropa Ittifoqida terroristik deb tan olingan.
Eslatib o‘tamiz, «Tinchlik kengashi» tuzilgani haqidagi xabar 15 nafardan iborat falastinlik texnokratik ma’muriyat yaratilishi haqidagi bayonotdan ko‘p o‘tmay tarqatildi. Ushbu ma’muriyat G‘azo sektorida kundalik hayotni boshqarish uchun javobgar bo‘ladi.
14 yanvar kuni AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Tramp nomidan G‘azoda otashkesimning ikkinchi bosqichiga o‘tilganini e’lon qildi. Bu bosqich HAMASni qurolsizlantirish va xalqaro barqarorlashtiruvchi kuchlarni joylashtirishni nazarda tutadi.
Oq uy ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu xalqaro kuchlarga general-mayor Jasper Djeffers qo‘mondonlik qiladi. U avval AQSh Qurolli kuchlarining Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) maxsus operatsiyalar bo‘linmasiga rahbarlik qilgan.
HAMASning pozitsiyasi qanday?
O‘tgan dekabr oyida HAMAS bir qator shartlar asosida qurol topshirishga tayyor ekanini ma’lum qilgan. Ulardan biri — Isroil qo‘shinlarining G‘azodan to‘liq chiqarilishi.
«Biz qurolni okkupatsiya va tajovuz tufayli ushlab turibmiz. Agar okkupatsiya tugasa, bu qurol davlat nazoratiga topshiriladi», – degan edi harakat yetakchisi Xalil al-Hayya.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter