Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hurmuz bo‘g‘ozining yopilishi elektromobillar sanoatiga ham jiddiy tahdid solmoqda

Hurmuz bo‘g‘ozining yopilishi elektromobillar sanoatiga ham jiddiy tahdid solmoqda

Foto: ABC News

Hurmuz bo‘g‘ozining yopilishi benzin taqchilligini yuzaga keltiribgina qolmay, elektromobillar bilan ham muammo tug‘dirishi mumkin, deb yozmoqda «Reuters».

Bu dengiz yo‘li qancha uzoq vaqt yopiq qolsa, jahon iqtisodiyotiga ikkinchi va uchinchi darajali ta’sirlar shuncha kuchli bo‘ladi. Dunyo hozirning o‘zidayoq dizel va benzin kabi qayta ishlangan yonilg‘i narxlarining oshishi va shu bilan bog‘liq inflyasiya bosimiga duch kelmoqda.

Elektromobillar hozirgi AQSh va Eron o‘rtasidagi mojaroda odamlarni neftga bog‘liqlikdan qutqaruvchi vositalar sifatida qaralmoqda. Biroq ular ham Hurmuz bo‘g‘ozi ta’siridan holi emas, chunki ularning akkumulyatorlarini ishlab chiqarishda oltingugurt kislotasi muhim o‘rin tutadi. Bu modda nikel va litiy kabi metallarni rudadan ajratib olish jarayonida ishlatiladi.

Oltingugurt kislotasi Indoneziyada nikelni yuqori bosimli kislota eritish usuli orqali olishda zarur hisoblanadi. Indoneziya esa nikelning eng yirik ishlab chiqaruvchisidir.

U shuningdek, Avstraliyaning qattiq tog‘ jinslaridan litiy olishda ham qo‘llaniladi. Ushbu mamlakat litiyning eng yirik ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Bundan tashqari, u mis ishlab chiqarishda ham muhim.

AQSh va Isroilning Eronga hujumidan oldin dengiz orqali tashiladigan oltingugurtning yarmi Hurmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tib, asosan Osiyo mamlakatlariga yo‘naltirilgan.

Oltingugurt neft va gaz ishlab chiqarish hamda ularni yoqilg‘iga qayta ishlash jarayonining qo‘shimcha mahsuloti hisoblanadi. Shu sababli BAA va Saudiya Arabistoni kabi Yaqin Sharq davlatlari ushbu xomashyoning yirik yetkazib beruvchilari hisoblanadi.

Oltingugurt odatda katta yuk kemalari orqali tashiladi. Hurmuz bo‘g‘ozi orqali tashuvlar mojaro boshlanganidan beri keskin kamaygan. Tahlilchilarga ko‘ra, aprel oyida bo‘g‘oz orqali faqat 30 000 tonna, martda esa 180 000 tonna oltingugurt o‘tgan. Bu esa mojaro boshlanishidan oldingi uch oydagi oyiga o‘rtacha 1,27 mln tonna ko‘rsatkichdan keskin past.

Natijada oltingugurt narxi keskin oshgan va Osiyoga yetkazib berish narxi bir tonna uchun 880 dollargacha ko‘tarilgan — bu urush boshlanganidan beri 50% o‘sish degani.

Oltingugurt narxining oshishi oltingugurt kislotasiga, u esa nikel, mis va litiy ishlab chiqarish xarajatlariga ta’sir qiladi. Biroq eng katta xavf narxning oshishi emas, balki ta’minotdagi cheklovlardir.

Agar Indoneziya, Avstaliya va Chili kabi davlatlar oltingugurt kislotasi uchun raqobatga kirishishga majbur bo‘lsa, ulardan biri ishlab chiqarishni qisqartirishga majbur bo‘lishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring