Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ishongan tog‘da kiyik yotmas» – dunyodagi eng yosh hukumat rahbari poraxo‘rlikda ayblanmoqda

«Ishongan tog‘da kiyik yotmas» – dunyodagi eng yosh hukumat rahbari poraxo‘rlikda ayblanmoqda

Foto: DPA

Avstriya kansleri Sebastyan Kursga nisbatan poraxo‘rlik va mansabni suiiste’mol qilish ayblari bilan jinoiy ish ochildi. Mamlakat prokuraturasi, shuningdek, hukumat rahbari hamda uning yaqin a’yonlarini g‘azna mablag‘i evaziga gazeta tahririyatini o‘ziga og‘dirishda ayblamoqda. 

S.Kursning Venadagi ofisida hamda Avstriya xalq partiyasi (OeVP) shtabida tintuv o‘tkazilgan.

Prokuratura bayonotiga qaraganda, 2016-2018 yillarda budjet mablag‘i Kurs partiyasi manfaatlariga xizmat qiluvchi soxta ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazishga yo‘naltirilgan. Bundan tashqari, Avstriya hukumati rahbari nomi hozircha oshkor etilmayotgan gazetaga pul o‘tkazgan, nashr esa buning evaziga S.Kurs va uning partiyasi haqida ijobiy mazmundagi materiallar chop etgan. Prokuratura gazeta nomini ochiqlamagan bo‘lsa-da, Avstriya matbuoti bu o‘rinda gap «Osterreich» nashri haqida ketayotganini taxmin qilmoqda.

S.Kursning o‘zi barcha ayblovlarni rad etgan. «Ushbu ayblovlar yolg‘on bo‘lib chiqishiga ishonchim komil», – deyiladi kansler nomidan tarqatilgan bayonotda. Hukumat rahbari mansub Avstriya xalq partiyasi ham tergovni prokuratura tizimidagi so‘l kuchlar uyushtirganini da’vo qilgan.

Avstriya prezidenti Aleksandr Van der Bellen esa bu jiddiy hodisa ekanini ta’kidlab, siyosatchilarni sud va prokuratura idoralarining mustaqilligini hurmat qilishga chaqirgan.

Yirik siyosiy mojaro tufayli muxolif partiyalar S.Kursni iste’fo berishga chorladi. Xususan, asosiy muxolif harakat – sotsial demokratlar Kurs boshchilik qilayotgan Avstriya xalq partiyasi yaqin fursatda qartadan tiklangan uy kabi yer bilan bitta bo‘lishini bashorat qildi.  

Qayd etish joizki, Sebastyan Kurs va uning partiyasiga nisbatan 2019 yilda ham jiddiy ayblov ilgari surilgan edi. O‘shanda Kurs hukumati vazirlaridan birining Ibitsa orolida Rossiya gaz shirkati rahbarining jiyani ekani aytilgan ayol bilan uchrashuvi videosi tarqalgandi. Rossiya shirkatiga qurilish bo‘yicha davlat buyurtmasini taqdim etish evaziga iqtidordagi partiya hisobiga katta miqdorda pul tushirish talabi qo‘yilgani o‘rtaga chiqqandi. Pirovardida parlamentning ishonchsizlik votumi ortidan Kurs 2019 yili iste’foga chiqishga majbur bo‘lgandi. Ammo navbatdagi saylovda yana g‘alaba qozonib, 2020 yil yanvar oyida qaytadan hukumat rahbari kursisini egalladi.

35 yoshli Sebastyan Kurs dunyodagi eng yosh hukumat rahbari sanaladi. Siyosiy xarizmasi bilan e’tibor qozongan yigit 27 yoshida Avstriya tashqi ishlar vaziri lavozimini egallagan. 2017 yilda esa mamlakat tarixida eng yosh kansler sifatida ish boshlagan.

Matbuot nashrlariga ko‘ra, S.Kurs kamtarona hayotni afzal ko‘radi, haligacha ijarada yashayotgan arbob hatto davlat pulini tejash uchun samolyotning «ekonomklass»ida parvoz qiladi.

Korrupsiya bilan bog‘liq ayblovlar esa yosh kanslerning obro‘siga soya solishi, hatto siyosiy karerasiga xotima yasashi hech gap emas.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring