Isroil va HAMAS kelishuvi doirasida Rafah nazorat-o‘tkazish punkti ochildi
Isroil G‘azo sektori bilan Misr o‘rtasida joylashgan Rafah nazorat-o‘tkazish punktini qayta ochdi. Bu qaror Isroil va HAMAS o‘rtasida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi doirasida qabul qilingan.
Ma’lum qilinishicha, nazorat-o‘tkazish punktining ochilishiga G‘azo hududidan oxirgi isroillik garovga olingan shaxsning jasadi qaytarilishi ham turtki bo‘lgan.
Ayni paytda Isroil hukumati Rafah orqali kunlik harakatni jiddiy cheklagan. Hozircha nazorat-o‘tkazish punktidan bir sutkada ikki tomonlama jami 50 nafar falastinlikka o‘tishga ruxsat beriladi. Shuningdek, tibbiy yordamga muhtoj yana 50 nafar inson alohida tartibda o‘tkaziladi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda 20 mingga yaqin falastinlik Misrda tibbiy yordam olish istagida. Misr sog‘liqni saqlash vazirligi esa falastinliklarni qabul qilish uchun 150 ta shifoxonani tayyor holatga keltirganini ma’lum qildi.
Isroil va Misr rasmiylari jurnalistlar bilan suhbatlarda, agar nazorat-o‘tkazish tizimi xavfsiz va muammosiz ishlasa, kelgusida cheklovlar yumshatilishi yoki butunlay bekor qilinishi mumkinligini istisno etmadi. Biroq bu borada aniq muddatlar hali belgilanmagan.
Eslatib o‘tamiz, Rafah nazorat-o‘tkazish punkti 2024-yil may oyida Isroil tomonidan yopilgan edi. Bu qaror qurol-yaroq kontrabandasiga qarshi kurash zarurati bilan izohlangan. 2025-yil yanvar oyida, qisqa muddatli sulh davrida, ushbu punkt orqali faqat cheklangan miqdordagi kasal va yaralangan falastinliklarga o‘tishga ruxsat berilgan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter