Kamchatka zilzilasi eng baland vulqonni uyg‘otib yubordi

Kamchatkada Yevroosiyoning eng baland va faol vulqonlaridan biri — Klyuchi sopkasi faollashdi. Yarimorolda mintaqada 1952-yildan buyon yuz bergan eng kuchli zilziladan so‘ng vulqon uyg‘ongan.
Rossiya FA Yagona geofizika xizmati xabar berishicha, Klyuchi sopkasining g‘arbiy qiyaligi tomonidan lava oqishni boshlagan. Krater tepasida yorqin nurlanish va portlashlar kuzatilmoqda. Kraterda lava to‘planishi davom etmoqda, 10 km balandlikkacha kul sochilishi kutilmoqda, deb ogohlantirishdi seysmologlar.
Klyuchi sopkasining balandligi 4 850 metr. Petropavlovsk-Kamchatskiydan 360 km olisda joylashgan vulqon sayyoramizdagi eng faollaridan sanaladi.
Eslatib o‘tamiz, 30-iyulga o‘tar kechasi Kamchatkada 8,7 magnitudali kuchli zilzila yuz berdi. Epitsentri Tinch okeanida, Petropavlovsk-Kamchatskiydan 198 km olisda joylashgan.
Tabiiy ofat qurbonlari yo‘q. Biroq Kuril orollariga sunamining to‘rtta to‘lqini kelib urildi. Shuningdek, Yaponiya, Xitoy, Gavayi orollari, Chili, Ekvador, Peru va Meksikada sunami xavfi e’lon qilindi. Kun davomida mintaqada aftershoklar (takroriy zilzilalar) kuzatilgan, ulardan birining magnitudasi 6,2 ball deya baholangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter