Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Karnining shov-shuvli chiqishidan so‘ng Tramp Kanadaning Tinchlik kengashiga taklifini bekor qildi

Karnining shov-shuvli chiqishidan so‘ng Tramp Kanadaning Tinchlik kengashiga taklifini bekor qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Kanadaning Tinchlik kengashiga a’zo bo‘lish bo‘yicha taklifini rasman bekor qildi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

«Muhtaram bosh vazir Karni janoblari! Ushbu maktub orqali sizga shuni ma’lum qilamizki, Tinchlik kengashi Kanadaga yuborilgan taklifni qaytarib oladi. Ushbu kengash tarixdagi eng nufuzli yetakchilar kengashiga aylanishi rejalashtirilgan», – deb yozdi Tramp.

Eslatib o‘tamiz, bir kun oldin Donald Tramp qariyb 20 davlat yetakchilari ishtirokida (asosan Yaqin Sharq va Janubiy Amerika mamlakatlari) o‘zi tashabbus qilgan Tinchlik kengashi ustavini imzolagan edi. Ushbu yangi xalqaro tuzilma amalda BMTga muqobil sifatida yaratilayotgani ta’kidlanmoqda. Kengashga a’zo bo‘lish uchun Rossiya, Ukraina va Belarus ham taklif etilgan, Belarus esa taklifni allaqachon qabul qilgan.

Bundan ikki kun oldin Kanada bosh vaziri Mark Karni Davosda bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumida nutq so‘zlab, dunyo «o‘tish jarayonida emas, balki parchalanish bosqichida» ekanini aytgan edi.

«Buyuk davlatlar iqtisodiy integratsiyani qurolga, tariflarni bosim vositasiga, moliyaviy infratuzilmani majburlash mexanizmiga, ta’minot zanjirlarini esa o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish mumkin bo‘lgan zaif nuqtalarga aylantirmoqda», – degan u.

U «o‘rta darajadagi davlatlar» o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun birlashishi lozimligini ta’kidlab, qudratli davlatlarga qarshi muvozanat zarurligini bildirdi. Shuningdek, Karni Kanada Grenlandiya, Daniya va NATO ittifoqini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ham tasdiqlagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring