Rossiyaga jangda erisholmagan natijalarini muzokara stolida taqdim etish xavfli – Kaya Kallas
Myunxen xavfsizlik konferensiyasida asosiy mavzulardan biri Rossiya–Ukraina urushi bo‘ldi. Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas Yevropa xavfsizligi Ukraina taqdiri bilan bevosita bog‘liq ekanini ta’kidladi. U Rossiyaga muzokara stolida jang maydonida erisha olmagan natijalarni taqdim etish xavfli ekanini bildirdi.
Uning fikricha, Rossiya superderjava emas, balki zaiflashgan davlat. Eng katta xavf – muzokara jarayonida Moskvaga ortiqcha imtiyozlar berilishi. Shu bois Yevropa Rossiya qurolli kuchlarini cheklash, Ukrainaga yetkazilgan zararni qoplash va harbiy jinoyatlar uchun javobgarlik masalasini ilgari surishi kerak.
Myunxendagi muhokamalarda Yevropa davlatlari «qadimgi qit’a» o‘z mudofaa tizimini mustaqil ravishda mustahkamlashi kerakligini ta’kidladi. Fransiyaning Yevropa ishlari bo‘yicha vaziri Benjamin Haddad Yevropa diqqatini AQSh bayonotlariga emas, balki o‘z harbiy salohiyatini oshirishga qaratishi lozimligini aytdi.
Bu pozitsiya Yevropa–AQSh munosabatlarida yangi bosqich boshlanayotganini ko‘rsatadi. Yevropa Vashington bilan hamkorlikni saqlab qolgan holda, strategik avtonomiyani kuchaytirishga intilmoqda.
Kallas AQSh tomonidan Yevropa senzura yo‘lidan borayotgani haqidagi tanqidlarga ham javob qaytardi. U matbuot erkinligi indeksida Yevropa Ittifoqi yuqori o‘rinlarni egallashini eslatib, tanqidlarni siyosiy bayonot sifatida baholadi.
Shu bilan birga, u Yevropa hali ham ko‘plab davlatlar uchun jozibador integratsion loyiha ekanini ta’kidladi. Ukraina va G‘arbiy Balqon davlatlarining YeIga qo‘shilish istagi buning yaqqol dalili sifatida keltirildi.
Bir so‘z bilan aytganda, Myunxendagi bahslar Yevropa va AQSh o‘rtasidagi strategik hamkorlik saqlanib qolayotganini, biroq qarashlar farqi kengayayotganini ko‘rsatdi. Yevropa o‘zini tanazzulga uchrayotgan hudud emas, balki barqaror va jozibador siyosiy loyiha sifatida ko‘rmoqda. Shu bilan birga, Ukraina urushi va Rossiya omili Yevropa xavfsizlik siyosatida hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Transatlantik munosabatlar kelgusida ham davom etadi, ammo Yevropa tobora ko‘proq strategik mustaqillikka intilayotgani aniq ko‘rinmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter