Merkel prezident bo‘lishi haqida xabarlar tarqaldi
Germaniya sobiq kansleri Angela Merkel mamlakat prezidentligi uchun kurashishi haqida xabarlar tarqaldi.
Ammo siyosatchining matbuot kotibi xabarlarni inkor etdi, xususan, Tagesspiegel nashri savoliga javoban «Bu uydirma», dedi.
Avvalroq Germaniyaning Bild nashri «Yashillar» partiyasi 71 yoshli Merkelni 2027-yilgi federal prezidentlik saylovida nomzod sifatida ko‘rayotgani haqida yozgan edi. Xabarda aytilishicha, bu mish-mishlar Xristian-demokratik ittifoqi (XDI) rahbariyatida, xususan, Fridrix Mersda xavotir uyg‘otgan.
Shu paytgacha Germaniyaning bironta sobiq kansleri federal prezident lavozimini egallamagan. Ayni paytda ushbu lavozim egasi — Frank-Valter Shtaynmayer, bu uning ikkinchi va so‘nggi muddatidir. Yangi prezident saylovi 2027-yil boshida, kechi bilan fevralda o‘tkazilishi kerak.
Merkelning katta siyosatga qaytishi haqidagi ehtimoliy gaplarning o‘ziyoq amaldagi kansler Mersning tinchini buzishi aniq. Chunki Germaniya tarixida kansler lavozimida ishlagan (2005–2021-yillar) birinchi ayolning jahon siyosatidagi nufuzi shunchalikki, hatto hozir ham uning fonida Mers «ko‘rinmay qolishi» mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter