Benzin narxini oshirishni taklif qilgan rahbar iste’foga chiqdi — Germaniya
Germaniyadagi eng yirik ADAC avtomobil klubining transport masalalari bo‘yicha prezidenti Gerhard Hillebrand klub a’zolarining ommaviy noroziligi fonida iste’foga chiqdi. Bild xabar berishicha, bunga uning Neue Osnabrücker Zeitung gazetasiga bergan intervyusi sabab bo‘lgan.
«Odamlar dizel va benzinli avtomobillardan ekologik toza mashinalar (elektromobillar)ga o‘tishi uchun rag‘bat bo‘lishi kerak. Yevropa CO₂ chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha o‘z oldiga qo‘ygan katta maqsadlariga sodiq qolishi lozim. Biz global iqlim isishini cheklashimiz shart», — degan edi Hillebrand.
Hillebrand buning asosiy choralaridan biri sifatida benzin narxini oshirish kerakligini aytgandi.
Ushbu so‘zlar klub a’zolari orasida keskin norozilik uyg‘otdi: ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi to‘rt hafta ichida 60 mingga yaqin kishi ADAC a’zoligidan chiqqan.
Klub rahbariyati Hillebrandning fikri tashkilot qarashlarini ifodalamasligini ma’lum qildi. ADAC vakiliga ko‘ra, tashkilot «ijtimoiy muvozanatsiz har qanday qo‘shimcha moliyaviy yukka qarshi» va dvigatel turidan qat’i nazar, «barcha uchun hamyonbop harakatlanish» tarafdori bo‘lib qoladi.
Tashkilot Hillebrandning intervyusi ko‘pchilik a’zolar tomonidan «avtomobilchilar manfaatlari himoyachisi rolidan chekinish» sifatida qabul qilinganini tan oldi va bundan tegishli xulosa chiqarishga va’da berdi.
Ma’lumot uchun: ADAC avtoklubi butun Germaniya bo‘ylab qariyb 22 million a’zoga ega.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter