Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Muxolifatchining zaharlanishi Rossiyaga qimmatga tushishi mumkin

Muxolifatchining zaharlanishi Rossiyaga qimmatga tushishi mumkin

Foto: Getty Images

Muxolif siyosatchi Aleksey Navalniyning zaharlanishi ortida Rossiya rasmiylari turgani tasdiqlansa, AQSh Moskvaga nisbatan yanada keskin jazo choralarini qo‘llaydi. Bu haqda AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Stiven Bigan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

25-avgust kuni AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo ham ushbu masalada bayonot berib, Navalniyning zaharlanganidan xavotir bildirgan va bu borada jiddiy tekshiruv-taftish o‘tkazish lozimligini ta’kidlagan edi. 

Rossiyalik taniqli siyosatchi, amaldagi hukumatning keskin tanqidchisi Aleksey Navalniy 20-avgust kuni Tomskdan Moskvaga uchish payti samolyotda hushidan ketgan. Samolyot Omsk aeroportiga favqulodda qo‘ndirilgan. Komaga tushib qolgan siyosatchi Omsk shifoxonasida 2 kun davolangan, so‘ngra 22-avgust tongida maxsus uchoqda Germaniya poytaxti Berlindagi Charite shifoxonasiga olib ketilgan.

Aleksey Navalniyning ahvoli og‘irlashgan kundan buyon u rasmiy doiralar tomonidan zaharlangan bo‘lishi mumkinligi haqida taxminlar yangramoqda. Charite shifoxonasi 24-avgust kuni e’lon qilgan dastlabki xulosada ham bemor xolinesteraza ingibitori deb nomlangan moddadan zaharlangani aytildi. Zaharning aniq tarkibi ma’lum emas, bu borada chuqur tadqiqotlar boshlangan. Shifokorlarning ma’lum qilishicha, bemor Navalniy hozircha sun’iy koma holatida yotibdi, uning ahvoli og‘ir, ammo hayotiga jiddiy tahdid mavjud emas.

Yevropa mamlakatlari yetakchilari, jumladan, Germaniya kansleri Angela Merkel, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Yevroittifoq tashqi siyosat mahkamasi rahbari Jozep Borrel Navalniyni zaharlashga urinish hodisasini qoraladi va Rossiya hukumatini chuqur tekshiruvlar o‘tkazishga chaqirdi. 

Navalniyning tarafdorlari ham siyosatchining zaharlanganini ta’kidlab kelmoqda. Rossiyalik vrachlar esa bemorda zaharlanish alomatlari mavjud emasligini bildirgan. Bu borada jinoiy ish qo‘zg‘atilmagan. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham Navalniyning zaharlanishiga Kreml aloqador ekani haqidagi taxminni rad etgan.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring