Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya iqtisodiyoti qulash arafasida – Devid O'Sallivan

Rossiya iqtisodiyoti qulash arafasida – Devid O'Sallivan

Rossiya iqtisodiyoti qulash arafasida va mamlakat 1998 yildagi kabi moliyaviy bo‘hron bilan yuzma-yuz turibdi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O'Sallivan ma’lum qilgan.

“Birgina sanksiyalar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini to‘xtata olmaydi. Ammo o‘tgan to‘rt yil mobaynida sanksiyalar sezilarli ta’sir ko‘rsatganiga ishonchim komil. Rossiya iqtisodiyoti halokatli vaziyatga tushgan. Barcha iqtisodiy mezonlar ogohlantiruvchi qizil chiroqni ko‘rsatmoqda. Davlat moliyasi, inflyasiya va o‘ta yuqori foiz stavkalari kabi muammolar sabab mamlakat retsessiya tomon sho‘ng‘imoqda”, – degan YeI diplomati nemis matbuotiga bergan intervyusida.

Qayd etilishicha, Rossiya sanoati harbiy iqtisodiyotni moliyalashtirish uchun kredit olishga majbur bo‘lgan, ammo endilikda ularni qoplash imkonsiz qolmoqda.

“Rossiya 1998 yilgi bo‘hron kabi moliyaviy inqiroz ostonasida turibdi. Urushni har qanday vaziyatda ham davom ettirishga ahd qilgan diktator shunday yo‘l tutishi mumkin. Ammo ertami-kechmi vaziyat butkul toqat qilib bo‘lmaydigan darajaga yetadi”, – degan Devid O'Sallivan.

Siyosatchi Rossiya iqtisodiyoti avvaliga sekin, keyin o‘ta tez qulashini ta’kidlar ekan, hozircha buning aniq muddatini aytish imkonsizligini aytgan.

Ma’lumot o‘rnida: YeIning sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O'Sallivan 2023 yili Toshkentda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokara o‘tkazgan va O‘zbekistondan Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun yordam bermaslik kafolatini olgan edi.

Rossiya Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushini boshlagan 2022 yil 24 fevraldan keyin unga qarshi misli ko‘rilmagan iqtisodiy sanksiyalar,

moliyaviy cheklovlar joriy etildi. Jumladan, Rossiyaga qarshi 2014 yildan buyon joriy etilgan sanksiyalar soni 31,5 mingtadan oshgan. Cheklovlarning qariyb 92,5 foizi 2022 yil fevral oyi oxiridan boshlab kuchga kirgan.

Avval xabar berganimizdek, YeI Kengashi 2027 yildan Rossiyadan gaz importini to‘liq taqiqlashni nazarda tutuvchi qonunni tasdiqladi.

Yil boshida esa YeI Rossiya Federatsiyasini noqonuniy ravishda pul yuvish va terrorizmni moliyalashtirish ehtimoli yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiritdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring