Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya TIV: Anzali portiga zarba mintaqaviy mojaroni kengaytirishi mumkin

Rossiya TIV: Anzali portiga zarba mintaqaviy mojaroni kengaytirishi mumkin

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Eronning Bandar Anzali portiga berilgan raketa zarbasi yuzasidan bayonot berib, vaziyat keskinlashib borayotganidan xavotir bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Isroil tomonidan Eron hududiga berilayotgan zarbalar geografiyasi kengayib bormoqda.

«Amerika-Isroil koalitsiyasi o‘zi boshlagan urushni yanada kuchaytirmoqda va uning kengayishiga sabab bo‘lmoqda», – dedi Zaxarova.

Rossiya TIV ma’lumotiga ko‘ra, 18 mart kuni Kaspiy dengizi bo‘yida joylashgan Eronning yirik portlaridan biri – Bandar Anzali zarbaga uchragan.

Ushbu port Eron uchun muhim savdo va logistika markazi hisoblanadi. Shuningdek, u Rossiya va Eron o‘rtasidagi savdo aloqalarida, jumladan oziq-ovqat ta’minotida faol qo‘llaniladi.

Zaxarova ta’kidlashicha, ushbu hujum nafaqat Eron, balki Kaspiy bo‘yi davlatlarining iqtisodiy manfaatlariga ham ta’sir ko‘rsatadi.

Rossiya TIV vakili Kaspiy dengizi hududi an’anaviy ravishda tinchlik va hamkorlik makoni sifatida qaralib kelganini eslatdi.

«Agressorlarning mas’uliyatsiz harakatlari Kaspiy davlatlarini harbiy mojaroga tortish xavfini yuzaga keltirmoqda», – dedi u.

Shu munosabat bilan Moskva zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatish va siyosiy muzokaralarni qayta tiklashga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 mart kuni Eronning Kaspiy dengizi bo‘yida joylashgan muhim port shaharlaridan biri — Bandar Anzaliga raketa zarbasi berilgani ma’lum qilingandi.

Hujum davomida shahardagi bir nechta muhim ob’yektlar nishonga olingan. Hodisa oqibatida qurbonlar qayd etilmagan.

Ayrim manbalarda Anzali portida Eronning Kaspiy flotiga ham zarar yetkazilgani haqida ma’lumotlar tarqalgan. Kuzatuvchilar fikricha, bu nafaqat harbiy, balki psixologik ta’sirga ega qadam bo‘lishi mumkin.

Eron uchun flot tarixi davomida davlat qudrati va milliy g‘urur ramzi hisoblangan. Shu sababli bunday hujum mamlakat jamoatchiligiga ruhiy bosim o‘tkazishga qaratilgan bo‘lishi mumkin.

Hozircha ushbu hujum oqibatlari va zarar ko‘lami bo‘yicha mustaqil tasdiqlangan to‘liq ma’lumotlar mavjud emas.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring