Shvetsiya aholini urush ehtimoli sababli naqd pul jamg‘arishga chaqirmoqda
Shvetsiya Markaziy banki (Riksbank) mamlakat fuqarolariga murojaat qilib, har bir katta yoshli kishi uyida kamida 100 dollar (taxminan 1000-1100 shved kronasi) miqdorida naqd pul saqlashi shartligini tavsiya qildi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Bank tushuntirishicha, zamonaviy urushlar va gibrid hujumlar paytida bank infratuzilmasi, raqamli to‘lov tizimlari va internet ilovalar birinchi bo‘lib ishdan chiqishi mumkin. Bunday sharoitda naqd pul aholiga eng zarur narsalarni — oziq-ovqat, dori-darmon va yoqilg‘ini sotib olish uchun kamida bir haftaga yetishi kerak. Shvetsiya dunyodagi eng ko‘p raqamlashgan iqtisodiyotlardan biri bo‘lgani sababli, to‘lov tizimining to‘xtab qolishi milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid sifatida ko‘rilmoqda.
Reuters va Bloomberg xabarlariga ko‘ra, tayyorgarlik faqat naqd pul bilan cheklanib qolmayapti. Shimoliy Yevropa davlatlari (Shvetsiya, Norvegiya, Finlyandiya, Daniya va Islandiya) Germaniya, Polsha hamda Boltiqbo‘yi mamlakatlari bilan birgalikda aholini evakuatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma rejalarni ishlab chiqishga kirishgan.
Avvalroq Shvetsiya hukumati millionlab xonadonlarga «Agar inqiroz yoki urush kelsa» nomli yangilangan qo‘llanmalarni tarqatgan edi. Unda aholiga suv, konservalangan ovqatlar va issiq kiyimlar zaxirasini qilish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berilgan.
Mutaxassislarning fikricha, bunday choralar aholi orasida vahima uyg‘otish uchun emas, balki har qanday tashqi tajovuzga nisbatan jamiyatning chidamliligini oshirish uchun amalga oshirilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter