«Turkiy davlatlar harbiy hamkorligi zarur» – Ilhom Aliyev
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti doirasida harbiy hamkorlik masalasiga alohida e’tibor qaratgani bejiz emasligini ta’kidladi. Bu haqda u jurnalist Murad Huseynov bilan suhbatda ma’lum qildi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, sammitda turkiy davlatlar o‘rtasida harbiy hamkorlikni kuchaytirish tashabbusi bevosita uning o‘zi tomonidan ilgari surilgan.
«Bugungi global jarayonlar shuni ko‘rsatyaptiki, har bir davlat, eng avvalo, o‘z harbiy salohiyati va xavfsizligini mustahkamlashi kerak. Men Yangi yil tabrigida ham aytgandim: hozirgi dunyoda kim kuchli bo‘lsa, o‘sha haqli. Bu fikr deyarli har hafta turli mintaqalarda tasdiqlanmoqda», — dedi Aliyev.
Uning ta’kidlashicha, Gabalada o‘tgan sammitda u yanada aniq taklif bilan chiqqan — 2026 yil davomida Ozarbayjonda turkiy davlatlar ishtirokida qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish. Prezident bu tashabbusning ham ramziy, ham amaliy ahamiyati borligini qayd etdi.
«Biz Turkiya bilan, shuningdek boshqa a’zo davlatlar bilan ikki tomonlama formatda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazib kelyapmiz. Ammo ko‘p tomonlama qo‘shma mashg‘ulotlar turkiy dunyo birligini namoyon etish bilan birga, real xavfsizlik ehtiyojlariga ham javob beradi», – dedi Ozarbayjon yetakchisi.
Ilhom Aliyevning fikricha, zamonaviy dunyoda xalqaro huquq o‘z ahamiyatini yo‘qotgan.
«Bugun xalqaro huquq degan tushuncha amalda mavjud emas. Kuch, hamkorlik, ittifoqchilik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash bor. Shu bilan birga, hech bir davlat boshqasining hududiy yaxlitligiga tajovuz qilmasligi kerak», – deya ta’kidladi u.
Prezident 2020 va 2023-yillarda, shuningdek, ular orasidagi davrda Ozarbayjon Armanistonga nisbatan yanada keskin harbiy javob berishi mumkin bo‘lganini, ammo bundan ongli ravishda tiyilganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kuchli tomon sifatida urushni to‘xtatish mas’uliyati aynan Bokuda bo‘lgan.
«Biz kuch ishlatishimiz mumkin edi, ammo bu noto‘g‘ri bo‘lardi. Men urush baribir tugashini bilardim va uni kuchli tomon to‘xtatishi kerak edi», – dedi Aliyev.
Prezidentning ta’kidlashicha, turkiy davlatlar bilan harbiy hamkorlik masalasida gap yangi harbiy blok yoki tashkilot tuzish haqida ketmayapti.
«Biz energetika, transport, savdo va investitsiyalar sohalarida hamkorlik qilyapmiz. Nima uchun xavfsizlik sohasida ham hamkorlik qilmasligimiz kerak?» – dedi u.
Ilhom Aliyevning ma’lum qilishicha, ushbu tashabbus bo‘yicha diplomatik kanallar orqali muloqotlar olib borilmoqda. Agar barcha a’zo davlatlar rozilik bildirsa, qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar joriy yilning o‘zidayoq o‘tkazilishi mumkin.
«Men umid qilamanki, barcha davlatlar bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydi», – dedi Ozarbayjon prezidenti.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter