Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Uchar likopchalar» jumbog‘i haqida xulosa e’lon qilindi

«Uchar likopchalar» jumbog‘i haqida xulosa e’lon qilindi

AQSh fazoviy tadqiqotlar agentligi (NASA) ilk bor tashkil etilgan ochiq majlisda noma’lum ob’yektlar va hodisalarga doir tadqiqotlar haqida ma’lumot berdi.

2022 yil iyun oyida NASA tizimida noma’lum havo hodisalarini (UAP - Unidentified Aerial Phenomena) tadqiq etuvchi maxsus guruh tashkil etilgan. Noma’lum uchuvchi jismlarga (NUJ) muqobil ravishda noma’lum havo hodisalari atamasi ham qo‘llanmoqda.

Qayd etilishicha, agentlik so‘nggi vaqtlarda NUJga doir  800 dan ziyod ma’lumotlarni o‘rganib chiqdi. Olimlar aksar mavhumotlarga oydinlik kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Ayni choqda, kam miqdorda bo‘lsa ham ilmiy jihatdan izohlab bo‘lmaydigan holatlar mavjud.

«Har oyda bir qarashda jumboqli tuyulgan hodisalar haqida 50-100 ma’lumot kelib tushadi. Ammo umumiy ma’lumotlar bazasidagi 2-5 foizga qadar ma’lumotnigina anomal hodisa deb baholash mumkin», – deydi AQSh mudofaa vazirligi vakili Shon Kirkpatrik.

Pentagon hisobotiga ko‘ra, 2021 yilda harbiy uchuvchilar 144 ta sirli holat haqida xabar bergan, ulardan bittasigina jumboq bo‘lib qolmoqda. Shunga ko‘ra rasmiy mulozimlar shu kabi ob’yektlar boshqa sayyoralardan uchib kelganini istisno qilmayapti.

AQSh harbiylarining NUJ bilan uchrashgani haqida bot-bot xabarlar tarqaladi. Gohida ularning videosi ham e’lon qilinadi.

Avval xabar berganimizdek, «uchar likopchalar» jumbog‘ini yechishga qat’iy kirishgan AQSh mudofaa vazirligi tarkibida NUJni tadqiq etuvchi maxsus bo‘lim ham tashkil etilgan.

Razvedka va mudofaa mas’ullarini uchar ob’yektlar o‘zga sayyoralardan kelganmi yoki Xitoy, Rossiya kabi raqib davlatlarga tegishlimi degan jumboq qiziqtirmoqda.

Vashington keyingi o‘n yillarda nafaqat raqib davlatlar, balki o‘zga sayyoralardan yuborilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan uchar ob’yektlarni tadqiq etish uchun millionlab dollar mablag‘ sarflab kelmoqda. Bu yo‘nalishdagi tadqiqotlar uchun mablag‘ ajratish hamisha Pentagon hamda Kongress o‘rtasida bahsu munozaralarga sabab bo‘ladi. Qonunchilik idorasi mudofaa vazirligini millionlab dollarni havoga sovurishda ayblaydi. Vazirlik esa bu milliy xavfsizlikka daxldor masala ekanini uqtiradi.

AQSh razvedka idorasi taqdim etgan hisobotlarda noma’lum uchuvchi jismlar aynan boshqa sayyoralardan kelgani tasdiqlanmagan, ayni choqda, mazkur fakt rad ham etilmagan. Bu esa ko‘p yillardan buyon yashab kelayotgan faraz va taxminlarni yanada kuchaytirmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring