Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zelenskiy Lukashenkoga qarshi sanksiya joriy qildi

Zelenskiy Lukashenkoga qarshi sanksiya joriy qildi

Zelenskiy va Lukashenkoning 2019 yilgi uchrashuvi.

Foto: “Cinxua” AA

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoga qarshi sanksiya joriy etdi. Bu qaror Ukraina milliy xavfsizlik kengashi va mudofaa vazirligi taklifiga ko‘ra qabul qilingan.

Lukashenko “ukrainaliklarni o‘ldirishga ko‘mak berish”da ayblanmoqda.

Belarus rahbariga nisbatan umumiy hisobda 17 ta, jumladan, mablag‘larni bloklash, Ukrainaga kirishni man etish, savdo, moliyaviy amaliyotlar va texnologiyalarni berishni to‘xtatish kabi cheklovlar joriy etilgan. Jazo choralarining bir qismi butun umr, bir qismi esa 10 yil davomida amal qiladi.

“2025 yilning ikkinchi yarmida rossiyaliklar Belarus hududida zarbdor dronlarni boshqarish uchun retranslyatorlar o‘rnatdi. Bu esa Rossiya armiyasining shimoliy viloyatlarimiz bo‘ylab – Kiyevshinadan Volinga qadar zarba berish imkoniyatini oshirdi. Rossiyaliklar mintaqalarimizdagi energetika ob’yektlari va temiryo‘llarga Belarus ko‘magimiz bunday hujumlar uyushtira olmas edi”, – deb yozdi Zelenskiy Telegramdagi sahifasida.

Zelenskiyning fikricha, Lukashenko shaxsiy hokimiyatini mustahkamlash uchun Belarus suverenitetini sotmoqda va Rossiyaga sanksiyalarni aylanib o‘tishda yordam bermoqda.

Ukraina tomoniga ko‘ra, Belarusdagi 3000 dan ziyod korxona Rossiyaga raketa ishlab chiqarish uchun ehtiyot qismlarni yetkazib bermoqda. Belarus, shuningdek, o‘z hududida “Oreshnik” ballistik raketalarini joylashtirgan. 2025 yildan Belarus korxonalari Rossiyani ushbu qurol uchun zaruriy komponentlar bilan ta’minlamoqda.   

Ma’lumot o‘rnida: joriy yil 25 yanvar kuni Zelenskiy Belarusning demokratik kuchlari yetakchisi Svetlana Tixanovskaya bilan Vilnyus shahrida uchrashdi.  Uchrashuvda sanksiya siyosati hamda “Lukashenko va uning rejimi xizmatchilarini Yevropa va AQSh bilan hamkorlikda javobgarlikka tortish” masalasi muhokama etilgan.

So‘nggi vaqtlarda Lukashenko postsovet davlatlar sha’niga teguvchi bayonotlar bergani ma’lum.

Jumladan, 2022 yilda u agar KXShT yo‘q bo‘lsa, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda Qozog‘istonga yomon bo‘lishini da’vo qilgandi.

2022 yil yanvar oyida Lukashenko Qozog‘istonda notinchlikni keltirib chiqargan tashqi kuchlarning nazari O‘zbekistonga ham qaratilgani haqidagi farazni ilgari surgan, bu iddao O‘zbekistonni KXShT tarkibiga kiritishga qaratilgan tahdid deya baholangan edi.

O‘shanda Lukashenkoning so‘zlariga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham munosabat bildirgandi.

Oradan bir oy o‘tib, rossiyalik propagandachi Vladimir Solovyovga intervyu bergan Belarus rahbari bu gal Markaziy Osiyo davlatlari qatori O‘zbekiston ham sobiq Ittifoq mamlakatlarini o‘z ichiga olgan siyosiy birlashmaga qo‘shilishini iddao qilgan edi. “Batka”ning bu bayonoti O‘zbekiston  mustaqilligi va davlatchiligiga tahdid sifatida keskin tanqidga uchragandi.

2024 yilda Lukashenkoning bahsli fikrlari ortidan Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Belarusning Ostonadagi elchisini “qizil gilam”ga chaqirgandi.

O‘sha yili Lukashenkoning bepisand bayonotidan darg‘azab bo‘lgan armanistonlik faollar Belarusning Yerevandagi elchixonasiga kartoshka, tuxum va pomidorlarni uloqtirgandi. Namoyishchilar hukumatdan Belarus bilan diplomatik aloqalarni uzish va mamlakatdan belarus diplomatlarini surgun qilishni ham talab etgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring