Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ukraina prezidenti jang maydoniga otlandi, Kreml rasmiylari asabiylashmoqda...

Ukraina prezidenti jang maydoniga otlandi, Kreml rasmiylari asabiylashmoqda...

Foto:«Reuters»

Ukraina sharqidagi vaziyat murakkablashmoqda. Payshanba kuni prezident Vladimir Zelenskiy jang maydoniga bordi va harbiylar bilan uchrashdi. Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, davlat rahbari o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi bitim talablari buzilayotgan mudofaa nuqtalariga safar qilgan.   

Zelenskiyning oshig‘ich ravishda Donbassga otlangani bejiz emas. Mart oyida Donetskning Shumi aholi punktida minomyot hujumi oqibatida 4 nafar ukrain harbiysi halok bo‘ldi. Kiyevga ko‘ra, Moskva tan olinmagan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari qo‘li bilan yangi harbiy hamlalarga hozirlik ko‘rmoqda.

Zelenskiyning Donbassga safari rasmiy Moskvani xiyla asabiylashtirdi. Kremlning Ukraina bilan munosabatlarga mas’ul mulozimi Dmitriy Kozak kechaning o‘zida matbuot anjumani chaqirib, Zelenskiyni piar aksiya o‘tkazishda aybladi.

Prezident ma’muriyati rahbari o‘rinbosari D.Kozakka ko‘ra, ichki siyosiy muammolar va pandemiya sabab Ukraina prezidentining reytingi tushib ketdi. Shu sabab Zelenskiy sun’iy ravishda tanglikni kuchaytirib reytingini oshirishga urinmoqda. 

D.Kozak Zelenskiy prezidentlikka qadar faoliyat yuritgan studiyaga ishora etar ekan, «Kvartal 95» jamoasi «Harbiy tahdid» deb atalgan yangi  spektakl sahnalashtirishga qaror qildi», – deya istehzo qildi.

Kreml rasmiysi Kiyevni ziddiyatni kuchaytirishda aybladi va zarurat tug‘ilsa Donetsk va Lugansk «xalq respublikalari»ga ko‘mak berilishiga shama qildi. Kozak, ayni choqda, harbiy harakatlarning yangidan boshlanishi Kiyev intihosining ibtidosi bo‘lishini ham iddao qildi.

Ammo G‘arb matbuoti xabarlariga ishonilsa, prezident Zelenskiy shunchaki spektakl sahnalashtirayotgani yo‘q. Gap shundaki, so‘nggi haftalarda Rossiya Ukraina bilan chegara hududlarga ko‘p sonli harbiylarini joylashtirayotani ma’lum bo‘ldi. Bu o‘rinda 4000 ga yaqin harbiy haqida gap ketmoqda.

Kreml qo‘shinlarni qayerda joylashtirish o‘z ichki ishi ekanini aytib, bu harakatlar Ukrainaga qarshi qaratilmaganini bildirgan bo‘lsa-da, rasmiy Kiyev buning ortida jiddiy tahdid mavjud deb hisoblamoqda. Germaniya kansleri Angela Merkel payshanba kuni prezident Vladimir Putin bilan  telefon orqali muloqotda Ukraina chegarasi yaqinida rus qo‘shini sonini kamaytirishni so‘ragani ham ana shu xavotirni tasdiqlaydi. 

Rasmiy Kiyevga ko‘ra, 2020-yil iyul oyida erishilgan Donbassda o‘t ochishni to‘xtatish borasidagi bitim tan olinmagan respublikalar tomonidan buzilmoqda. Rossiya ham Ukrainaga nisbatan ayni ayblovni ilgari surmoqda.

Prezident Vladimir Zelenskiy esa mamlakat hududiy yaxlitligiga tahdid solayotgan Donbass muammosini hal etishning yagona yo‘li Ukrainaning NATOga to‘laqonli a’zo bo‘lishi ekanini takror-takror ta’kidlab kelmoqda.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring