Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ukrainada «rashizm» atamasi qonun darajasida belgilab qo‘yildi

Ukrainada «rashizm» atamasi qonun darajasida belgilab qo‘yildi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy «Ukraina xalqi milliy xotirasi davlat siyosati asoslari to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Bu haqda Prezident administratsiyasi rahbar o‘rinbosari Irina Vereщuk ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hujjat «ukrain milliy o‘zligini himoya qilish va rivojlantirishga qaratilgan fundamental qonun» hisoblanadi. Vereщuk ta’kidlashicha, ilgari mamlakatning birorta prezidenti bunday qadamga borishga «istak ham, imkoniyat ham topmagan».

Qonun 21-avgust kuni Oliy Rada tomonidan ma’qullangan. Unda Ukraina tarixida ilk bor davlat darajasida qator muhim atamalarga aniq ta’rif berildi. Jumladan:

  • «Ukraina mustaqilligi uchun urush»,
  • «tarixiy antiukrain targ‘iboti»,
  • «ukrain xalqiga qarshi jinoyatlar».

Shuningdek, hujjatda «rashizm» atamasi ham rasmiy ravishda ta’riflandi. Unda «rashizm» Rossiyada shakllangan natsistik totalitar tuzum asosidagi ideologiya va amaliyot sifatida qayd etilgan. Uning ildizlari rus shovinizmi, imperializmi hamda kommunistik va natsistik tuzumlar an’analari bilan bog‘lab ko‘rsatilgan.

«Rashizm» so‘zi ilk bor 2008-yilda Rossiya-Gruziya urushi davrida tilga olingan. 2010-yilda ukrain jurnalisti Ostap Krivdik bu atamani «Rossiya Federatsiyasi hukumatining ideologiyasi va amaliyoti» sifatida ta’riflab bergan.

Atamaning keng tarqalishi Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘liq masshtabli urushi bilan bog‘liq. 2022-yil aprelida Zelenskiy «rashizm» atamasi butun dunyo tarix darsliklariga kirishiga ishonch bildirgan edi. 2023-yilda esa Oliy Rada maxsus deklaratsiya qabul qilib, Rossiya siyosati va amaliyotini rasman «rashizm» deb atadi.

Mazkur qonun yangi huquqiy majburiyatlar yoki normalarni joriy qilmaydi. U asosan Ukraina parlamenti va davlat rahbariyatining rasmiy pozitsiyasini namoyon etadi hamda milliy xotira siyosatida ideologik yo‘nalishni belgilab beradi.

Manba: storage.googleapis.com

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring