Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ustasi farang! Bu ayol nafaqat prezident Makron, balki butun Yevropa uchun «boshog‘riq» bo‘lishi mumkin

Ustasi farang! Bu ayol nafaqat prezident Makron, balki butun Yevropa uchun «boshog‘riq» bo‘lishi mumkin

2022 yilda ham dunyo ahli Makron va Le Pen dueliga guvoh bo‘larmikan?

Foto:«AFP»

2017-yili Fransiya prezidentligi uchun saylovda Emmanuel Makronga asosiy raqib bo‘lgan siyosatchi ayol Marin Le Penning reytingi tobora oshib bormoqda. «Harris Interactive» markazi o‘tkazgan so‘nggi so‘rovlarga qaraganda, agar prezidentlik saylovi shu kunlarda o‘tkazilsa, «Milliy yakdillik» harakati rahbari Marin Le Pen birinchi turda Makronni dog‘da qoldiradi: amaldagi prezident 23-24 foiz, uning raqibi esa 26-27 foiz ovoz oladi. Ikkinchi turda esa Makronga 52 foiz, Le Pen esa 48 foiz elektorat ishonch bildirishi mumkin.

Yaqin-yaqingacha Emmanuel Makron hamda muxolifi o‘rtasidagi tafovut juda katta edi. 2017 yilgi saylovda ham Makron ishonchli tarzda g‘alaba qozongandi: u 66 foiz ovoz yiqqan bo‘lsa, raqibi atigi 34 foiz elektorat qo‘lloviga erishgan edi. Navbatdagi saylovga qadar bir yildan ko‘proq vaqt bor (prezidentlik saylovi 2022 yil aprel oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan). Ammo ovoz berish muddati yaqinlashgani sari oradagi tafovut shiddat bilan qisqarib bormoqda. Nafaqat «Harris Interactive» markazi tadqiqotlari, balki boshqa ilmiy muassasalar o‘tkazayotgan so‘rovlar ham Makronning reytingi tushib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, millatchilik hamda ayirmachilik ruhidagi chiqishlari bilan tanilgan Marin Le Penning obro‘-e’tibori oshib borayotganiga amaldagi prezidentning muvaffaqiyatsizligi sabab bo‘lmoqda. COVID-19 pandemiyasidan farang o‘lkasi juda katta aziyat chekdi. Iqtisodiy-moliyaviy yo‘qotishlar jamiyatning ma’naviy-ruhiy holatiga ham kuchli zarba berdi. Pandemiya garchi tabiiy ofat kabi kutilmagan sinov sanalsa-da, aholi orasida amaldagi ma’muriyatga nisbatan ishonchsizlik kuchaydi. So‘rovlarga ko‘ra, 65 foiz aholi Makron pandemiya davrida yetarlicha sa’y-harakat qilmagan deb hisoblaydi. Marin Le Pen esa mavjud vaziyatdan foydalanib qolishga harakat qilmoqda.

Fransiyada so‘nggi vaqtlarda ro‘y bergan teraktlar ham amaldagi prezident zarariga ishlamoqda. Qo‘poruvchilar harakatlari davom etayotgan bir paytda oddiy aholiga muhojirlarga qarshi keskin siyosat yuritish tarafdori bo‘lgan Marin Le Pen nomzodi ma’qul ko‘rinmoqda.

Prezident Makronning mamlakatdagi ko‘p sonli musulmon jamoasi bilan ham munosabatini ijobiy baholab bo‘lmaydi. U o‘tgan yili islom dini chuqur inqiroz domida ekanini da’vo qilib, mamlakatdagi musulmonlarni separatizmda aybladi. Ayni choqda, dunyodagi bir necha milliard musulmon cheksiz ardoqlaydigan Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) karikatura qilingan suratlarni ommaviy chop etilishini oqlab chiqdi. Fransiya yetakchisining mazkur pozitsiyasi sabab Pokistondan Falastinga qadar – dunyoning o‘nlab musulmon o‘lkalarida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Sog‘lom fikrli musulmonlar zo‘ravonlik, xunrezlik va terrorni keskin qoralagan holda, Payg‘ambarning muborak shaxsiyatiga haqoratli munosabatda bo‘lish aslo qabul qilib bo‘lmas hol ekanini bildirdi.

Xalqaro bosim ortidan prezident Makron fransuz matbuotida e’lon qilingan karikaturalarga nisbatan musulmonlarning tuyg‘ularini tushunishini, ammo bu karikaturalarni hukumat emas, balki mustaqil OAV chop etganini aytdi. Ayni choqda, u o‘z mamlakatida erkin gapirish, yozish, mushohada yuritish va chizish huquqini himoya qilajagini ta’kidladi.

«Milliy yakdillik» harakati rahbarining reytingi oshib borayotgani nafaqat E.Makron, balki butun Yevropa ittifoqi uchun xavotirli holatdir. Gap shundaki, milliylikni bayroq qilgan Le Pen YeI hamda yevro hududidan chiqishni yoqlaydi. Agar tarix charxpalagi ters aylanib,  bir necha bor irqiy, diniy nafrat qo‘zg‘ashda ayblangan siyosatchi xonim davlat tepasiga kelgudek bo‘lsa, bu rasmiy Bryussel uchun katta dahmaza bo‘lishi aniq. Negaki, YeIning tashkilotchilaridan bo‘lgan Fransiyaning tuzilma tarkibidan butkul chiqishi u yoqda tursin, ittifoqni qo‘llab-quvvatlamasligining o‘ziyoq «siyosiy zilzila»larga olib keladi.

Boz ustiga, Marin Le Pen millatchilik ruhidagi siyosati bilan o‘zi shundoq ham parokanda bo‘layozgan mamlakatda tafriqani yanada kuchaytirib yuborishi hech gap emas. Eng so‘nggi misol: Le Pen o‘tgan hafta jamoat joylarida ayollarning hijobda yurishini taqiqlashni taklif etdi. U ushbu taklif bilan cheklanib qolmay islom mafkurasi haqida nomaqbul ayblovlarni ham ilgari surdi.    

Ahvol shu taxlit davom etsa, kelgusi yildagi saylovda ham dunyo Makron hamda Le Pen dueliga guvoh bo‘lishi mumkin. Ammo farang o‘lkasida ko‘p yillar davomida hukmron bo‘lib kelgan va so‘nggi yillarda mag‘lubiyatga uchragan sotsialistlar va respublikachilar ham ayni paytda qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q. Mazkur ikki partiya biri globallashuv, boshqa biri milliylik g‘oyalarini bayroq qilgan raqiblariga qarshi tura oladigan munosib nomzod tayyorlash ustida bosh qotirmoqda.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring