Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalqaro jinoyat sudi prokurori Isroilning 5 nafar amaldoriga order so‘ragan – Haaretz

Xalqaro jinoyat sudi prokurori Isroilning 5 nafar amaldoriga order so‘ragan – Haaretz

Xalqaro jinoyat sudi (XJS) bosh prokurori Karim Xon Isroilning bir qator yuqori lavozimli amaldorlariga nisbatan hibsga olish orderlari so‘ragani haqida xabarlar tarqaldi

Haaretz nashri ma’lumotiga ko‘ra, order so‘ralgan shaxslar orasida Isroil moliya vaziri Bezalel Smotrich va milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir ham bor. Diplomatik manbalar yana uch nafar shaxs — vazir Orit Strok va ikki nafar harbiy amaldorga nisbatan ham order so‘ralganini bildirgan.

Nashrga ko‘ra, XJS tergovi asosan G‘arbiy sohildagi yahudiy posyolkalari siyosati, ko‘chmanchilar zo‘ravonligi hamda bosib olingan hududlarga aholini ko‘chirish masalalariga qaratilgan. Bu harakatlar urush jinoyati va insoniyatga qarshi jinoyat sifatida baholanishi mumkinligi aytilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur ehtimoliy orderlar 2024-yil noyabrida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantga nisbatan chiqarilgan orderlardan keyingi navbatdagi qadam bo‘lishi mumkin.

Tel-Aviv universiteti xalqaro huquq professori Eliav Liblixning ta’kidlashicha, Rim statutiga ko‘ra sud gumonlanuvchilarni oldindan ogohlantirishi shart emas. Uning fikricha, ayrim holatlarda orderlarni maxfiy saqlash gumonlanuvchini qo‘lga olish ehtimolini oshiradi.

The Wall Street Journal nashri 2025-yil may oyida Karim Xon aynan Smotrich va Ben-Gvirga qarshi order tayyorlayotgani haqida yozgan edi. Nashrga ko‘ra, ularning G‘arbiy sohildagi posyolkalarni kengaytirishdagi roli tekshirilgan.

Shuningdek, 2024-yilda XJS Netaniyaxu va Galantga qarshi G‘azodagi ehtimoliy urush jinoyatlari bo‘yicha order chiqarish uchun yetarli asos bor degan xulosaga kelgan edi.

Ayni paytda Xalqaro jinoyat sudi Isroil OAVlarida tarqalgan «yangi orderlar chiqarilgani» haqidagi xabarlarni rad etdi. Sud matbuot kotibi Orian Maye bayonotida mazkur ma’lumotlar «aniq emasligi» va «Falastin ishi bo‘yicha yangi hibs orderlari chiqarilmagani» ta’kidlangan

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring