Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaqin Sharqda yangi tartib: Isroil mintaqaviy arxitekturani qayta qurmoqchi

Yaqin Sharqda yangi tartib: Isroil mintaqaviy arxitekturani qayta qurmoqchi

Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat fonida Isroil bir qator mintaqaviy davlatlar bilan, jumladan hali rasman diplomatik munosabatlar o‘rnatilmagan mamlakatlar bilan ham, yopiq va intensiv muzokaralar olib borayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu jarayonda AQSh faol ishtirok etmoqda va muloqotlar Iyerusalim, Ar-Riyod, Bayrut kabi bir nechta markazlarda parallel tarzda davom etyapti.

«Israel Hayom» nashrining yozishicha, bu muzokaralar oddiy diplomatik aloqalar emas. Ularning asosiy maqsadi – urushdan keyingi davr uchun yangi mintaqaviy xavfsizlik va hamkorlik tizimini shakllantirish. Ya’ni gap faqat bugungi harbiy tahdidlarni bartaraf etish haqida emas, balki Yaqin Sharqning kelajak siyosiy va iqtisodiy modeli haqida ketmoqda.

Muhokamalar markazida Eronning mintaqadagi ta’sirini cheklash masalasi turibdi. Isroil va uning ittifoqchilari kelgusida Tehron strategik tahdidga aylanmasligi uchun kompleks tizim yaratishni ko‘zlamoqda.

Bu tizim AQShning siyosiy va harbiy «qalqoni» ostida ishlashi mumkin. Unda xavfsizlik va mudofaa kelishuvlari, iqtisodiy hamkorlik loyihalari hamda Isroil va arab davlatlari o‘rtasida munosabatlarni normallashtirish kabi yo‘nalishlar nazarda tutilmoqda.

Muzokaralarda iqtisodiy masalalar ham katta o‘rin egallamoqda. Xususan, Fors ko‘rfazi davlatlarini Yevropa bilan bog‘laydigan savdo va transport yo‘laklarini yaratish, shuningdek neft va gazni tashish uchun yangi energetik marshrutlar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Isroil va bir qator arab davlatlari o‘rtasida munosabatlarni yaxshilashga xizmat qilgan «Ibrohim kelishuvlari»ni kengaytirish ham kun tartibida. Manbalarga ko‘ra, bu jarayonga yangi davlatlar qo‘shilishi mumkin, hatto Livan ham ehtimoliy ishtirokchilardan biri sifatida tilga olinmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron bir qator vositachilar – jumladan Oman, Rossiya va Fransiya orqali o‘t ochishni to‘xtatish imkoniyatlarini muhokama qilishga tayyorligini bildirmoqda.

Biroq AQSh buning uchun boyitilgan uranni topshirish, yadroviy dasturni cheklash hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopmaslik kabi qat’iy shartlarni ilgari surmoqda.

Amerikalik manbalar fikricha, bu signallarni uzatayotgan shaxslar har doim ham qaror qabul qilish vakolatiga ega emas, chunki urush sharoitida asosiy qarorlar Islom inqilobi muhofizlari korpusi tomonidan qabul qilinmoqda.

Shu bilan birga, xalqaro tahlilchilar fikricha, Eronning hozirgi ahvoli rasmiy bayonotlarga qaraganda og‘irroq bo‘lishi mumkin. Bu esa yaqin kunlarda uning harbiy faolligi pasayishi ehtimolini oshiradi.

Qisqa qilib aytganda, Yaqin Sharqda hozir faqat urush emas, balki yangi tartib uchun kurash ketmoqda. Isroil va uning ittifoqchilari urushdan keyingi mintaqani qayta shakllantirishga harakat qilmoqda, Eron esa o‘z ta’sirini saqlab qolishga intilyapti.

Eslatib o‘tamiz, «Ibrohim kelishuvlari» – 2020 yilda AQSh vositachiligida imzolangan va Isroil bilan bir qator arab davlatlari o‘rtasida munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan diplomatik kelishuv hisoblanadi.

Bu kelishuvning Yaqin Sharqda uzoq yillik ziddiyatlardan keyin Isroil va arab dunyosi o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashda muhim qadam ekanligi ta’kidlanadi.

Asosiy ishtirokchilar – BAA, Bahrayn va keyinchalik Marokash va Sudan ham qo‘shilgan. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring