«Nogironlik — 300 dollar»? Aktyor murojaatidan so‘ng mas’ullarga chora ko‘rildi
Sergeli tumanida istiqomat qiluvchi teatr va kino aktyori Musulmon Yunusovning farzandiga qayta nogironlik belgilash jarayonida korrupsiyaviy holatga duch kelgani haqidagi videomurojaati jamoatchilik e’tiborini tortgan edi. Aktyor Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyevaga yo‘llagan murojaatida poliklinika hamshirasi orqali 300 dollar pora talab qilinganini aytgan. Ushbu murojaatdan so‘ng tegishli idoralar masalani o‘rganib chiqib, rasmiy izoh berdi.
Aktyorning so‘zlariga ko‘ra, oila ikki yillik muddat tugagach, qiziga qayta nogironlik ekspertizasidan o‘tish uchun hujjat to‘plagan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, ariza 2026 yil 18 may kuni 71-son oilaviy poliklinika tomonidan qabul qilinib, 21 may kuni Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasiga elektron yo‘llanma yuborilgan.
127-sonli Sergeli tumanlararo TIEK tomonidan 5 iyun kuni ko‘rik o‘tkazilib, bolaga 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj bola sifatida xulosa shakllantirilgan. Ya’ni, aktyorning oilasi talab qilgan natija dastlab berilgan edi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur xulosa tasodifiy elektron qayta tekshiruvga tushib qolgan va Samarqand viloyati TIEK eksperti tomonidan hujjatlar asosida qayta ko‘rib chiqilgan. Natijada bolaning «parvarishga muhtojlik» qismi xulosadan olib tashlangan va faqat «18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bola» sifatidagi xulosa qoldirilgan. Xuddi shu o‘zgarish, ya’ni onaning qarovchi sifatida biriktirilmagani, aktyorning videomurojaatida norozilik bildirilgan asosiy nuqta bo‘lgan.
Rasmiy tan olinishicha, ushbu tasodifiy qayta tekshiruv natijasi 127-son Sergeli tumanlararo TIEK tomonidan to‘liq o‘rganilmagan. Ya’ni, mahalliy komissiya o‘zgartirilgan xulosani yetarlicha nazorat qilmagan. Murojaatdan so‘ng Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan maxsus ishchi guruh tuzilgan.
2026 yil 3 sentyabr kuni bola qayta ko‘rikdan o‘tkazilib, tibbiy hujjatlari va obyektiv holati qayta baholangan. Natijada dastlabki xulosa tiklangan: bolaga 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj bola sifatida yakuniy xulosa berilgan. Aktyorning videomurojaatida ko‘rsatilgan, poliklinika shifokori tomonidan 300 dollar talab qilingani holati bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan hozirda tekshiruv olib borilmoqda. Bu borada hozircha yakuniy xulosa e’lon qilinmagan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, yuzaga kelgan holat bo‘yicha Sergeli tumanlararo TIEK va «Inson» markazi mas’ul rahbar va xodimlariga nisbatan ishdan bo‘shatishgacha bo‘lgan qat’iy choralar ko‘rilgan. Shuningdek, idora xulosadan norozi bo‘lgan fuqarolarning huquqiy imkoniyatlarini ham eslatib o‘tgan. Chiqarilgan xulosadan norozi bo‘lgan shaxs 1 oy ichida viloyat yoki shahar TIEKlariga, 5 kun ichida esa Respublika TIEKga murojaat qilish huquqiga ega.
Shunga o‘xshash holatlar, jumladan, xulosalarning sababsiz o‘zgartirilishi yoki nazoratsiz qoldirilishi kabi muammolarning oldini olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining DMED tizimi bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligining Nogironlik belgilash elektron tizimini integratsiya qilish belgilangan. Bu jarayonni 2026 yil yakunigacha amalga oshirish rejalashtirilgan. Maqsad ortiqcha qog‘ozbozlikni va inson omili ta’sirida xulosalarning noo‘rin o‘zgartirilishini bartaraf etishdan iborat.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter