Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qishda shamollamay desangiz, vitamin D ni hozir tekshirtiring!

Qishda shamollamay desangiz, vitamin D ni hozir tekshirtiring!

Qishda tez-tez kasal bo‘lasizmi, ertalab uyg‘onish qiyinmi, doim charchoq his qilasizmi? Balki organizmingizga vitamin D yetishmas. Ko‘pchilik vitamin D ni qishda tekshirish kerak, deb o‘ylaydi. Aslida esa uni yoz oxiri avgust, sentyabr oylarida tekshirgan ma’qul.

Sababi oddiy, organizm vitamin D ning asosiy qismini quyosh nuri ta’sirida hosil qiladi. Bu jarayonda ultrabinafsha nurlarning UV-B turi muhim ahamiyatga ega.

Quyosh qizdirib turgan paytda teri vitamin D ni ko‘proq ishlab chiqaradi. Kuz kelishi bilan esa quyosh nurlarining ta’siri kamayadi. Shuning uchun yozda to‘plangan vitamin D zaxirasi qishga borib asta-sekin kamayishi mumkin. Shu nuqtai nazardan avgust va sentyabr oylaridagi tahlil organizmda vitamin D yetarlimi yoki yo‘qmi, degan savolga javob olish uchun qulay vaqt hisoblanadi.

Agar yozning quyoshli davrida ham vitamin D past chiqsa, «qishda quyosh chiqsa, o‘zi ko‘tarilib ketar» deb kutib o‘tirgandan foydp yo‘q. Aksincha, kuz va qish oylarida quyoshdan olinadigan UV-B ta’siri kamayishi sabab vitamin D yana pasayishi mumkin.

Vitamin D bizga o‘zi nima uchun kerak? Vitamin D organizm uchun shunchaki oddiy vitamin emas. U suyaklar, mushaklar va immun tizimi faoliyatida muhim rol o‘ynaydi. U yetishmasa, organizmda turli muammolar paydo bo‘lishi mumkin.

Masalan, suyaklar zaiflashishi mumkin. Chunki vitamin D kalsiyning ichakda so‘rilishiga yordam beradi. U yetarli bo‘lmasa, organizm kalsiy muvozanatini saqlash uchun suyaklardan kalsiy olishni kuchaytirishi mumkin. Vaqt o‘tishi bilan bu suyak zichligining kamayishiga olib kelishi ehtimoli bor.

Vitamin D kamligi ayrim odamlarda holsizlik, mushaklarda kuchsizlik va kayfiyat tushishi kabi belgilar bilan ham namoyon bo‘lishi mumkin. Ammo bunday belgilar faqat vitamin D yetishmovchiligiga xos emas. Shuning uchun o‘zingizga tashxis qo‘yish emas, tahlil orqali aniqlash muhim.

Immun tizimida ham vitamin D ning o‘rni bor. U organizmning infeksiyalarga qarshi himoya mexanizmlarida ishtirok etadi. Biroq «vitamin D ichsam, umuman shamollamayman» degan tushuncha noto‘g‘ri. U barcha kasalliklardan himoya qiluvchi vosita emas.

Vitamin D darajasini bir necha kunda to‘g‘rilab bo‘lmaydi. Yetishmovchilik aniqlansa, uni to‘ldirish uchun vaqt kerak bo‘ladi. Shuning uchun yoz oxirida tahlil topshirib, natijani bilib olish foydali. Agar daraja past bo‘lsa, shifokor tavsiyasi asosida uni to‘ldirish choralari ko‘riladi. Bu esa qishga organizmni yaxshiroq tayyorlash imkonini beradi.

Vitamin D holatini baholash uchun odatda qondagi 25-gidroksivitamin D, ya’ni 25(OH)D ko‘rsatkichi tekshiriladi. Natija past chiqsa, vitaminni o‘zboshimchalik bilan katta dozada qabul qilish kerak emas. Vitamin D ham me’yoridan ortiq qabul qilinsa, organizmga zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun tahlil natijasini shifokor bilan muhokama qilib, kerak bo‘lsa, yosh, ovqatlanish, quyoshga chiqish, hamroh kasalliklar va boshqa omillarni hisobga olgan holda dozani belgilash to‘g‘ri bo‘ladi.

Sentyabr — organizmdagi holatni tekshirib olish, yetishmovchilik bo‘lsa, uni o‘z vaqtida to‘ldirish va qishga tayyorgarlik ko‘rish uchun yaxshi fursat.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring