Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

52 o‘g‘lon nobud bo‘ldi... Endi Rossiyaga ish izlab borish to‘xtaydimi?

52 o‘g‘lon nobud bo‘ldi... Endi Rossiyaga ish izlab borish to‘xtaydimi?

G‘ururimiz yurtdoshlarimiz jonidan ustunmi?!

Foto: «Sputnik»

Qozog‘istonda fojia yuz berdi. Fojiaki, nobud bo‘lganlarning onalari bolalarining, bolalari otalarining sovuq jasadini quchib yig‘lashi ham amrimahol. Chunki kuyib ko‘mirga aylangan mayit ularning xotirasida butun umr mixlanib qolmasligi, ruhiyatiga qattiq ta’sir qilmasligi uchun yaqinlari ko‘rsatmasliklari ham mumkin.

Biror tasalli yo‘qki, bu jabrdiydalarga malham bo‘la olsa. Dunyoning jamiki odami yig‘ilib kelib hamdardlik bildirsa ham ularning dardi yengillashib qolmaydi. Hamdardligimiz orqali biz ko‘proq o‘zimizga tasalli berayapmiz, o‘rnak olayapmiz, yordam bera olmaganimizdan afsuslanayapmiz xolos.

Mayli, bu borada har bir qalamkash nimadir bitdi, rasman bo‘lmasa-da, butun yurt motamga cho‘mdi, hukumat vaziyatni o‘rganayapti, kerakli yordamlarni berayapti.

Gap butunlay boshqa yoqda. Bir narsani ochiq tan olaylik – biz mana shu yo‘llarda, o‘sha yurtlarda bevaqt jon berayotgan o‘g‘lonlarimizni hisoblasak, yo‘qotganlarimiz urushga kirgan ko‘plab davlatlarning yo‘qotishlaridan kam bo‘lmaydi. Xudoga shukur, zamonamiz tinch, urushdan asrasin. Lekin bu yigitlar urushda halok bo‘lgan qahramonlar sifatida eslanmaydi, ularning farzandlari otasining harbiydagi suratini uyi to‘riga qo‘yib g‘ururlanmaydi, bir yil o‘tib xotira kunlarida bu xonadonlarni yaqinlaridan o‘zga hech kim yo‘qlamaydi!

52 o‘g‘lon o‘ldi! O‘lganda ham jizg‘anak bo‘lib kuyib-yondi! Janozalarda imomlar oson jon berish, rasm-rusumlar asosida tuproqqa qo‘yilish nasib qilsin deganlarida, shunaqayam sovuq tilak bo‘ladimi deya hayron bo‘lgandim. Aslida bu ham juda ezgu tilak ekan. O‘liging o‘z yurtingda bo‘lishi, yaqinlaring orasida, jasading urinmay-surinmay joyiga qo‘yilishi, bor qarindoshing sening o‘sha tirikligingdagi qiyofangni eslab qolishida ham bir hikmat bor ekan. Bu yigitlar shu baxtdan ham mosuvo bo‘lishdi-ya! Yana qanchasi butunlay yo‘qolib ketdi, qanchasi baxtsiz hodisa tufayli emas, rangining qoraroqligi, tili burro emasligi tufayli kamsitilib, qiynab, ermaklab o‘ldirildi.

Bu faqat bugunning gapi emas, kecha ham bo‘lgan, ertaga ham davom etishi muqarrar. Demak, nimanidir o‘zgartirish kerak, o‘zgartirish shart!

Davlat rahbari o‘zgardi, mayli, hali natijalar biz xohlagandek emasdir, lekin tinimsiz harakat qilayotganini tan olmasak ko‘zimiz ko‘r bo‘ladi. Hatto omma oldida bu fojiada davlatning aybi borligini mardlarcha tan oldi, hamma yordamni berishni buyurdi.

Bir holatga e’tibor qarating – shu voqeadan keyin birorta yo‘lga chiqqan «rossiyachi» ortiga qaytganini ko‘rdingizmi? O‘sha avtobus yonayotganida keyingisi muhojirga to‘layotgan, oldingisi shitob bilan ketayotgan bo‘lgani aniq. Vokzal va aeroport kassalari oldida ham «kechdim shu Rossiyadan, bola-chaqam oldida tinchgina o‘tiray» deganicha olgan chiptalarini qaytarayotganlarni ham ko‘rmadik. Chunki bunday qilishmaydi, Allohga tavakkal deb yo‘lga chiqaverishadi. Sabablarini esa mendan yaxshi bilasiz, prezident ham aytdi...

Nima qilmoq kerak?

Bugungi islohotlar ertagayoq samara berib qolmaydi. Bugun qurila boshlagan zavod to‘rtta odamning qornini to‘ydirib, ustini butlaguncha yillar kerak hatto. Lekin odamlar bugun yashayapti. Ular bugun farzandlarining kamini qilishlari, davolanishlari, qiz chiqarishlari, o‘g‘il uylantirishlari kerak. Aholi o‘sib borayapti, ish o‘rinlari kam, borining ham maoshi haminqadar, tirikchilikka yetmaydi. Shunday ekan, davlat darajasida migrantlar bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqishimizga nima xalaqit bermoqda?! G‘ururimiz yurtdoshlarimiz jonidan ustunmi?! Hatto rivojlangan yoki rivojlanishdan orqada qolgan davlatlar ham shu yo‘ldan borishganini bilmaymizmi?

O‘n yillar oldin qiziq bir ma’lumotni o‘qigandim – tojikistonlik migrantlarning (ularning ko‘pchiligi Rossiyada) yillik pul jo‘natmalari bu davlatning yalpi ichki mahsulotidan ko‘proq ekan. Ishonib-ishonmay yurgan kunlarimning birida televizordan tojik kanali orqali Imomali Rahmonning bir majlisini ko‘rsatib qolishdi. Unda tojik migrantlaridan biri Rossiyada yaxshi ish topolmayotgani, oldingi ish joyida maoshini ololmaganidan shikoyat qildi. Shunda Rahmon qaysidir amaldorni o‘rnidan turg‘azib, Rossiyaning shu hududiga kim mas’ul ekanini so‘radi va bu muammoni tezda hal qilib, natijasini ma’lum qilishni buyurdi.

Albatta, har bir prezidentning o‘z ish uslubi bor, ular bizning maslahatimizga muhtojmas. Qolaversa bizning Prezidentimiz har bir migrantning muammosini bittalab hal qiladigan darajada vaqtga ega emas. Lekin, hech bo‘lmasa vazir, boringki, vazir o‘rinbosari darajasida migrantlar muammosiga mas’ul tayinlashga nima xalaqit beradi?

Masalaning iqtisodiy tomoni ham bor — axir shu migrantlar mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritayotgan pullar ozmuncha emas-ku. Bu borada yaqqol misol Turkiya bo‘ladi. Bu davlat Germaniyaga migrantlarni jo‘natishni davlat dasturi darajasiga olib chiqqan. Alohida poyezdlar tashkil qilingan, pullarini yetkazish bilan maxsus banklar shug‘ullangan, ish sharoitlari muntazam nazorat qilingan, xavfsizligi ta’minlangan. Oqibat nima bo‘ldi – Germaniya arzon ishchi kuchi bilan iqtisodini rivojlantirdi, Turkiya kirib kelgan pullar ortidan avval xalqini boyitdi, keyin o‘zi boyidi. Vatanparvar turklar ortga qaytib, o‘rgangan texnologiyalarini o‘z yurtlarida tatbiq qildilar. Hozir ham Germaniyada turk diasporasi ta’sir kuchi va odamlari soni bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Xo‘sh, bundan kim yutqazdi? Germaniya aldab ketdimi yoki Turkiyaning obro‘si to‘kilib qoldimi?!

Biz ham shunday dasturni ishga tushirsak – oldindan aniq ish o‘rinlarini aniqlasak, maxsus poyezdlar tashkil qilsak, sug‘urta, tibbiy xizmatlarni yo‘lga qo‘ysak va buning uchun minimal darajada haq olsak, kim qarshi bo‘ladi? Mayli, puli yo‘qlar birdan to‘lamasin, ikkinchi, uchinchi maoshidan oz-ozdan to‘lab uzsin. To‘lay olmasa yana imkoniyat berilsin. Bir narsani hisobga olish kerak – bitta ishlovchi bir oilaning ta’minotchisi, bir soliq to‘lovchi va eng muhimi bitta boqimandaning kamligi. Rossiyaning yetakchi mutaxassislari davlat iqtisodiyoti uchun migrantlar naqadar muhimligini bir necha bor ta’kidlaganlar. Bunga ishonish kerak – Rossiya aholisi kamayib bormoqda, ichkilik va narkotik jiddiy muammo, bor ishlovchilarning ham biznikilar qiladigan ishlarga bo‘yni yor beravermaydi. Demak, bu faqat bizga kerak degan fikrdan yiroq bo‘laylik. 

Qachongacha yurtdoshlarimiz aravada bo‘lsa ham amallab yetib olish payida bo‘lishadi, borganlarida ham o‘z davlati himoyasini his qilmay har kimning ko‘ziga mo‘ltirab qarashadi?

Aytishingiz mumkin, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi bor-ku, ular ishlayapti-ku deb. Natijalarga e’tibor bering – bu agentlik orqali Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi bitim asosida Rossiyaning 24 ta korxona va tashkiloti bilan tuzilgan shartnomalarga asosan 922 nafar fuqaro ishlash uchun Rossiyaga, 2613 nafar fuqaro ishlash uchun Koreya Respublikasiga yuborilibdi. 35 kishidan iborat texnik stajyorlar guruhini tayyorlash va Yaponiyaga yuborish rejalashtirilibdi.

Kechirasiz, bu daryodan tomchimi yoki ummondan bir piyolami?!

Rossiyaga ketganlar ko‘rsatkichiga qarang – axir bu bir viloyatning bir kunlik jo‘nab ketayotgan odami-ku. Demak nimanidir butkul o‘zgartirish, qayta ko‘rib chiqish shart. Zudlik bilan kirishish kerakki, ertaga kech bo‘lmasin. Hal qilish kerakki, o‘zbek uyida sotib olayotgan oloviga yo‘llarda jizg‘anak bo‘lib kuymasin, avlodlar shunday imkoniyatni qo‘ldan chiqarganimiz, yetimlarni ko‘paytirganimiz uchun davrimizni yomonlab o‘tishmasin.

Hali umid bor...

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring