Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh Venesuela bilan «misli ko‘rilmagan» bitim imzoladi

AQSh Venesuela bilan «misli ko‘rilmagan» bitim imzoladi

Foto: Axios

Venesuela parlamenti mamlakat neft zaxiralarining qariyb beshdan bir qismi nazorati AQShga topshirilishiga doir hujjatni ma’qulladi. Nikolas Madurodan keyin davlat tepasiga kelgan yangi ma’muriyat Vashingtonning qat’iy talablariga ko‘nishga majbur bo‘lgan.  

Venesuela Milliy assambleyasi «misli ko‘rilmagan» deya atalayotgan neft bitimini qo‘llab-quvvatlagan. Ammo Karakasdagi ayrim muxolif deputatlar ovoz berishdan tiyilgan. 

«Biz bitimda mitti harflar bilan nimlar yozilganini bilishimiz shart», – degan deputat Luis Emilio Rondon.

Milliy assambleya raisi Xorxe Rodriges esa Qo‘shma Shtatlar bilan tuzilgan bitim Venesuela xalqi manfaatlariga xizmat qilishini ta’kidlagan

AQSh Eron bilan urush fonida energetika resurslari narxini tushirishga zo‘r berib urinmoqda. Shunga ko‘ra prezident Donald Tramp ma’muriyati Venesuela bilan tuzilgan bitim amerikaliklar uchun benzin narxini tushirishga xizmat qilishini urg‘ulamoqda.   

Kuzatuvchilar ushbu bitim Vashington uchun Karakas hukumatiga nisbatan kuchli ta’sir quroliga aylanishini aytmoqda. 

Turkiya matbuoti xabar berishicha, yangi bitim ortidan AQSh shirkati (North American Blue Energy Partners) Venesueladagi 17 ta neft konida 100 yil muddatda faoliyat huquqiga ega bo‘ladi. Mazkur konlarning zaxirasi 65 milliard barrel deb baholanmoqda

AQSh Venesuelaning yangi hukumati bilan tuzilgan bitim orqali Xitoy va Rossiya ta’sirini ham pasaytirishni ko‘zlamoqda. AQSh nazoratiga o‘tayotgan konlarda ham bunga qadar Moskva va Pekin shirkatlari faoliyat yuritib kelgan. 

AQShda joriy yil noyabr oyida oraliq saylov bo‘lib o‘tadi. Saylov arafasida Tramp ma’muriyati uchun neft narxi hayot-mamot ahamiyatiga molik masala bo‘lib qolmoqda.

Avval xabar berganimizdek, Vashington endilikda Venesuelada qazib olinadigan neftning 20 foizini tannarx bo‘yicha ustuvor tarzda sotib olish huquqini ham qo‘lga kiritadi.

Prezident Tramp ham Venesuela bilan tuzilgan bitimni «jahon tarixidagi eng yirik neft kelishuvi» deya maqtanmoqda

Ma’lumot o‘rnida: joriy yil 3-yanvarga o‘tar kechasi AQSh Venesuela poytaxti Karakas hamda mamlakatning boshqa hududlariga harbiy hujum uyushtirdi.

Harbiy amaliyot davomida Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores Karakasdagi saroyidan o‘g‘irlab AQShga keltirildi. Qo‘shma Shtatlar rasmiy idoralari Maduroga nisbatan narkoterrorizm, giyohvandlik moddalari kontrabandasi, noqonuniy qurol-yarog‘ savdosi kabi moddalar bo‘yicha ayblov e’lon qilgan.

Maduroning hibsga olinishi ortidan Tramp Venesuelaning vaqtinchalik prezidenti Delsi Rodrigesga nisbatan tahdidli bayonotlar bergan edi. Jumladan, u Rodriges hatto Madurodan ham «yuqoriroq narx to‘lashi» ehtimoli borligini aytgan. 

Tahlilchilarga ko‘ra, ushbu bosimlar ortidan Rodriges Trampning yo‘rig‘iga yurishga majbur bo‘lgan. 

Maduroni o‘g‘irlash amaliyotini Qo‘shma Shtatlarning yutug‘i sifatida ko‘rsatib kelayotgan Tramp Venesuelani AQShning 51-shtati deya iddao qilgani ham ma’lum

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring