Pavel Durov Rossiyaga ekstraditsiya qilinadimi?
Telegram asoschisi Pavel Durov Rossiyadan tashqari, Fransiya, BAA, Sent-Kits va Nevis fuqaroligiga ham ega. Shu sababli, Parij uni Rossiyaga ekstraditsiya qilmaydi, dedi fransiyalik advokat Filipp de Vel TASS agentligiga. U Rossiya FXXsining tadbirkorni xalqaro qidiruvga berish niyatini e’lon qilishi haqida shunday izoh berdi.
Fransiya fuqarolarini ekstraditsiya qilish mamlakat Jinoyat-protsessual kodeksining 696-4-moddasi bilan taqiqlangan, deb ta’kidladi advokat. Agar Interpol so‘rasa, Pavel Durov darhol hibsga olinmaydi. «Prokuratura va xususan, sud ushbu harakat Fransiyada jinoyat hisoblanadimi yoki yo‘qligini tekshirmoqda», deb tushuntirdi de Vel.
Advokat uni hibsga olish to‘g‘risidagi qaror har qanday holatda ham Fransiya prokuraturasi tomonidan qabul qilinishini ta’kidladi. Agar nazorat organi unga qarshi qo‘yilgan ayblovlarda mahalliy qonunlarning buzilishini aniqlamasa yoki ularni siyosiy motivli deb hisoblamasa, Pavel Durov hibsga olinmaydi.
Bugun FXX Telegram asoschisiga terrorizmga yordam berganlikda ayblov e’lon qildi. Ular shuningdek, Pavel Durovni xalqaro qidiruvga berish niyatini bildirdi. Agentlik bayonotida xabar almashish ilovasi Ukraina razvedka idoralari tomonidan yosh ruslarni yollash uchun ishlatiladigan «ko‘plab kanallar, chatlar va botlar»ni o‘chirishda muvaffaqiyatsizlikka uchrayotgani aytilgan. Bunga Max va VKontakteda ham mavjud bo‘lgan «Dayvinchik/Leo» chatboti ham kiradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter