Tadbirkorga qo‘llanilgan 7,4 mlrd so‘mlik jarima bekor qilindi
Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi "E.H.G" MChJ o‘tkazilgan sayyor soliq tekshiruvi natijasidan norozi bo‘lib, Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga murojaat qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi tomonidan tadbirkorlik sub’yektida o‘tkazilgan sayyor soliq tekshiruvida 37,4 mlrd so‘mlik uy-joylar savdosi uchun elektron hisobvaraq-fakturalar muddatida rasmiylashtirilmaganligi aniqlangan. Soliq organi ushbu holatni Soliq kodeksining 223-moddasiga asosan “yashiringan tushum” deb baholab, tadbirkorga nisbatan 7,4 mlrd so‘m miqdorida jarima qo‘llagan.
Tadbirkorning Soliq qo‘mitasiga qilgan shikoyati natija bermagach, nizo sudga ko‘chdi. Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining inspeksiya zimmasiga tekshiruv materiallarini qayta ko‘rib chiqish majburiyatini yuklaganiga qaramay, soliq organi o‘z qarorida qat’iy qolib, jarimani o‘z kuchida qoldirgan.
Toshkent shahar ma’muriy sudi apellyasiya instansiyasida tadbirkorning qonuniy matfaatlari Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni tomonidan himoya qilindi. Sud Vakil devoni tomonidan kiritilgan huquqiy asoslarni ko‘rib chiqib, inspeksiya hamda Soliq qo‘mitasining qarorlarini haqiqiy emas deb topdi.
Yakuniy qarorga ko‘ra, tadbirkorga nisbatan qo‘llanilgan 7,4 mlrd so‘mlik jarima bekor qilindi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter