Xalqaro terrorchi tashkilotga xayrixoh shaxs 6 yilga qamaldi

Xalqaro terrorchi tashkilotga xayrixoh shaxs jazoga tortildi.
Qo‘qon shahrida yashovchi shaxs 2021-yilda Telegram messenjerida kanal yaratib, unga aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni joylab, kanalning 9 nafar obunachisiga tarqatadi. Bundan tashqari, u Instagram ijtimoiy tarmog‘ida hozirgi kunda Suriyada faoliyat olib borayotgan «Tavhid va jihod katibasi» xalqaro terrorchi tashkilotining instruktori va media targ‘ibotchisi bilan bog‘lanib, uning da’vatlari ta’siriga tushadi. So‘ngra, Suriyaga jihod qilish uchun nima qilish kerakligi to‘g‘risida o‘zaro audio va xabar orqali yozishmalar olib borib, XTT safiga qo‘shilishga xayrixohlik bildiradi.
O‘z navbatida, ushbu shaxs yaqin tanishlari va o‘zining sinfdoshlari orasida “jamoat” shakllantirib, ularni Suriya hududiga “hijrat” qilib, terrorchi guruhlar qatoriga qo‘shilishga da’vat qiladi.
DXX va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida uning noqonuniy harakatlari to‘xtatib qolinib, huquqiy baho berildi.
Ushbu shaxs jinoyat ishlari bo‘yicha Furqat tumani sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 244 prim 1-moddasi 3-qismi “g” bandi, 244 prim 2-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi, deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter